Shuningdek, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqligini ta’minlash, oilani mustahkamlashga qaratilgan qator gender hujjatlari qabul qilindi. Ushbu dasturiy hujjatlarda inson va xalq uchun juda ko‘plab huquqiy asoslar, imkoniyatlar belgilab qo‘yildi va bugun ularning ijrosi amalda ta’minlanmoqda.
Qolaversa umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya bilan O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’tirof etdi. Bu esa har bir fuqaroning munosib hayot kechirish uchun davlatning kafolatli mas’uliyatini belgilab berdi. Ijtimoiy davlat degani — inson manfaati ustuvor qo‘yiladigan, aholiga ta’lim va tibbiyotda teng imkoniyatlar yaratiladigan, kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlam doimiy qo‘llab-quvvatlanadigan jamiyat demakdir. Shu bilan birga, yangi Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklarining himoyasiga oid qator qo‘shimcha kafolatlar kiritildi, davlat organlarining fuqarolar oldidagi javobgarligi yanada kuchaytirildi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida faoliyat yuritayotgan “Inson” ijtimoiy xizmat markazlari aholining eng himoyaga muhtoj qatlamlarini aniqlash va ularga manzilli ko‘mak berish bo‘yicha izchil ish olib bormoqda. Bu markazlar orqali ehtiyojmand oilalarning muammolari joyida o‘rganilib, ularga moddiy, huquqiy, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda. Eng muhimi, bu tizim orqali hech bir fuqaro o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmaydi.
Jamiyatimizda hali ham zo‘ravonlikka uchrayotgan bolalar va xotin-qizlar bor. Bu — haqiqat. Lekin shu bilan birga, mamlakatimizda bunday holatlarni bartaraf etish uchun himoya mexanizmlari ham izchil kuchaytirib borilmoqda. Chunki inson huquqlarini ta’minlash — bir martalik emas, balki davomli jarayon. Zamon o‘zgarishi bilan turli tahdid va xavflar yuzaga kelishi mumkin, lekin davlat har doim o‘z fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish pozitsiyasida turibdi. Shu maqsadda bolalar va xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qonun hujjatlari takomillashtirildi, ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralar kuchaytirildi. Zo‘ravonlikka uchragan ayollar endilikda “men borman” deb qiynalish va toptalishni emas, balki xavfsiz va erkin hayotni tanlashmoqda.
Ayolga davlat tomonidan ma’naviy, ruhiy va moddiy yordam ko‘rsatiladi, kasbga o‘qitiladi, ishga joylashishiga ko‘mak beriladi. Agar uy-joy olish istagi bo‘lsa, subsidia ajratilishi ham mumkin. Bu — ayolni qurbon sifatida emas, erkin va mustaqil shaxs sifatida qo‘llab-quvvatlashning amaliy ko‘rinishidir.
Inson qadrini ulug‘lash faqat uni zo‘ravonlikdan himoya qilish yoki ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanib qolmaydi. Bu qadriyatning yana bir muhim ustuni — ta’lim. Chunki inson uchun haqiqiy imkoniyat uning bilimi va savodidadir. Shu maqsadda mamlakatimizda oliy ta’limga kirish tizimi tubdan yangilandi.
Avval abiturient faqat bitta oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishi mumkin edi, endi esa bir vaqtning o‘zida beshta universitetga topshirish imkoniyati yaratildi. Yaqindagi o‘zgarishlarga ko‘ra, beshta imkoniyatdan ham foydalana olmagan abiturientlarga yana imkoniyat berilmoqda. Qabul jarayonlari tubdan shaffoflashdi, ta’lim tizimi korrupsiyadan ajratildi. Bugun faqat o‘quvchi va talabalaridan emas, balki o‘qituvchilardan ham yuksak saviya talab etilmoqda. Ular uchun malaka oshirishning tizimli dasturlari amalga oshirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun yoshlar o‘z qobiliyati va bilimlari bilan o‘z kelajagini qurish imkoniyatiga ega. Ushbu imkoniyatdan foydalanaayotganlar qatorida 2025 yilning avgust oyida 2 ming nafar o‘zbekistonlik yoshlar bir vaqtda robot yasab, Ginnes rekordini yangilashdi. Bu yorqin natija, ta’lim tizimidagi to‘g‘ri tanlangan islohotlarning mevasidir.
Ta’kidlash lozimki, ekologiya masalasi bugun dunyoda eng katta xavotirlardan biriga aylangan. Atmosferaning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi, suv va yer resurslarining kamayishi – insoniyat oldida turgan global tahdidlar. Shu bois, BMT Bosh Assambleyasi doimiy ravishda barqaror rivojlanish maqsadlari orqali tabiatni muhofaza qilishga chaqirmoqda. Ko‘plab rivojlangan davlatlar qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirmoqda.
Afsuski, bu muammolarning salbiy ta’siri O‘zbekistonda ham sezila boshlandi. Ayniqsa, havoning ifloslanishi aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Chunki inson hayoti va faoliyatining asosiy sharti — sog‘lom muhit va toza havo. Sog‘lom avlod, barqaror iqtisod va farovon jamiyatning poydevori ham ana shu toza havoda, sof tabiatda yashiringandir.
Shu bois 2025 yilning “Atrof-muhit va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi bejiz emas. Bu yildagi dasturlar orqali shahar va qishloqlarimiz ko‘kalamzorlanmoqda, “Yashil makon” harakati doirasida millionlab daraxtlar ekilib, havo tozaligini ta’minlash uchun zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Yirik korxona va zavodlar chiqindilari, qurilish ishlari va boshqa havo ifloslanishining asosiy manbalariga nisbatan qattiy talablar joriy etildi.
Rivojlangan davlatlar tajribasidan ma’lumki, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi farovonligining oshishi va inson kapitalining o‘sishi inson huquqlarining ishonchli va samarali himoya qilinishi bilan chambarchas bog‘liq. Binobarin, inson huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish, qonun hujjatlari va amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishda Ombudsman instituti mustahkam o‘ringa ega.
Bunga yaqqol misol – murojaatlar sonining ortib borayotganidir. 2024 yilda Ombudsmanga 23 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning tahlili va joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar asosida davlat organlari va sudlarga taqdimnoma, xulosa va da’vo arizalari kiritildi. Eng muhimi, ularning aksariyati ijobiy yechim topgan.
Shuningdek, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yil sayin ko‘paymoqda: 2022 yilda 381 ta, 2023 yilda 603 ta, 2024 yilda esa 902 ta tashrif amalga oshirildi. Bu esa nazoratning kuchaygani, tizimning ochiqlik va hisobdorlikka ehtiyoji oshib borayotganini anglatadi. Monitoringlarda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etib, jarayonning shaffofligini ta’minlamoqda.
Prezidentimiz qarori asosida yopiq muassasalarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari yakunida jamoatchilik bergan tavsiyalar asosida 2024 yilda 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona negizida 50 o‘rinli ayollar bo‘linmasi ochildi. Qoraqalpog‘istondagi eskirgan narkologiya dispanseri qulay binoga ko‘chirildi, Ellikqal’adagi ruhiy-asab kasalliklari dispanseri ta’mirlanib, psixoterapiya xonasi tashkil etildi. Bir qator viloyatlardagi vaqtincha saqlash hibsxonalari va tergov hibsxonalari ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, uzoq muddatli uchrashuv xonalari yaratildi. Natijada mahkum va mahbuslar uchun insonparvar sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, 2025 yilda kiritilgan taqdimnomalar asosida Buxorodagi “Muruvvat” uyini ta’mirlash uchun 176 million so‘m, Respublika ruhiy kasalliklar shifoxonasi uchun esa 1,67 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Xo‘jayli va boshqa tumanlardagi hushyorxonalar ta’mirlandi, mahkumlarning mehnat va yashash sharoitlari yaxshilandi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
2024 yilning o‘ziда monitoringlardan so‘ng aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 56 nafar xodimga intizomiy chora qo‘llanildi, ayrimlar jarimaga tortildi yoki ishdan bo‘shatildi. Bu esa nazorat va javobgarlikning amalda ishlayotganidan dalolat beradi.
Umuman olganda, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalardagi sharoitlarni hozirgi va 5 yil avvalgisi bilan solishtiradigan bo‘lsak, juda katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz. Bu natijalarning zamirida davlatimizda olib borilayotgan “Inson qadri uchun” siyosati turibdi. Chunki inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash — davlat va jamiyatning eng oliy maqsadidir.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda mahkumlar va mahbuslar huquqlarini xalqaro standartlarga mos holda ta’minlash borasida qator qonunchilik islohotlari amalga oshirildi. 2019 yildan boshlab BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi asosida qabul qilingan “Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari qoidalari” milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilindi. Unga ko‘ra, mahkumlarga psixologik yordam olish huquqi berildi, og‘ir kasallikka chalinganlar uchun qo‘shimcha telefon so‘zlashuvi va yaqinlari bilan uchrashish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, ruhiy holati buzilgan vaqtda sodir etilgan tartibbuzarlik uchun intizomiy jazo choralar qo‘llanishi bekor qilindi.
2019 yildan mahkumlarning ish haqidan ijtimoiy sug‘urta ajratilmasligi belgilanganib, ularning pensiya ta’minoti kafolatlandi. Yopiq koloniyalarda telefon so‘zlashuvi va uchrashuvlar soni ikki barobarga ko‘paytirildi. 2023 yilda esa Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, mahkumlarning ish staji umumiy mehnat stajiga qo‘shilishi belgilandi, ularga surdotarjimon xizmatidan foydalanish huquqi berildi, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yashash maydoni kengaytirildi va turli vositalar bilan jihozlash majburiyati belgilandi.
Bundan tashqari, mahkumlarni jinsi, yoshi, sog‘ligi, mehnat qobiliyati va ixtisosligiga qarab ishga joylashtirish tartibi joriy etilgani — mamlakatimizda insonparvarlik tamoyilining amaldagi yorqin ifodasi hisoblanadi.
O‘zbekiston nafaqat ijtimoiy davlat sifatida o‘z fuqarolariga munosib turmush sharoitlarini yaratmoqda, balki o‘z bag‘riga olgan falastinlik mehmonlarga ham yangi hayot boshlashlari uchun zarur imkoniyatlarni bermoqda. Prezidentimiz Farmoni bilan ular uy-joy, ijtimoiy nafaqa, ta’lim va tibbiy xizmat bilan ta’minlanmoqda. Keksa yoshidagi fuqarolarga nafaqa tayinlanadi, mehnatga layoqatlilari esa kasb-hunarga o‘qitilib, tadbirkorlik dasturlariga jalb etiladi. Og‘ir kasallikka chalingan mehmonlarga nogironlikni darhol belgilash mexanizmi joriy etilishi esa ularni bir kun ham ijtimoiy himoyadan mahrum qolmasliklari uchun muhim qadam bo‘ldi. Bu chora-tadbirlar ularga nafaqat boshpana, balki tinchlik va xavfsizlikda yangi hayotni boshlash imkoniyatini ham yaratdi.
O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash yo‘lidagi qat’iy qadamlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanmokda. 2024 yilda yurtimizga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh ham davlatimiz o‘z fuqarolarining huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida sobitqadamlik bilan ilgarilayotganini alohida ta’kidlagan edi.
Shuningdek, joriy yilda institut tomonidan tashkil qilingan xalqaro anjumanlarga O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ham yurtimizdagi islohotlarni yuqori baholashdi. Avstraliya, Azerbayjon, Vengriya, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Marokash, Mo‘g‘uliston, Norvegiya, Pokiston, Rossiya, Serbiya, Tailand, Turkiya, Tojikiston kabi davlatlar Ombudsmanlari, shuningdek Xalqaro Ombudsman Instituti, Yevropa Ombudsman Instituti va Osiyo Ombudsmanlar Assotsiatsiyasi vakillari O‘zbekiston 80 dan ortiq xalqaro inson huquqlari hujjatlarini milliy qonunchiligiga implementatsiya qilganini alohida e’tirof etdilar. Xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 6–7 yil ichida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning eng muhim jihati — inson huquqlarini ta’minlash borasidagi qat’iy harakatlardir. Konstitutsiyaviy islohotlardan tortib, ijtimoiy himoya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qonun ustuvorligi va gender tenglikka qaratilgan choralar xalqaro hamjamiyatda yuksak qiziqish va qo‘llab-quvvatlash bilan kuzatilmoqda.
Umuman olganda, xalqaro nufuz va yurtimizdagi islohotlar uyg‘unligi shuni ko‘rsatmoqdaki, mustaqillikning 34 yilligi arafasida O‘zbekiston “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotning eng oliy haqiqatiga aylantirdi. Bu esa Yangi O‘zbekistonning eng katta yutugi va kelajak avlodga qoldirilayotgan eng qimmat merosidir.
Feruza ESHMATOVA,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)