Unda Oliy Majlis Cenati aʼzolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud sudyalari, Adliya vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) xodimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, olimlar, professor-o‘qituvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Inson huquqlari nazariyasida Taʼkidlanganidek: “Erkinliklar kafolatlanmasa, ular faqat so‘zda qoladi.” Shu maʼnoda, davlatda inson qadrini himoya qilish, jamoatchilik nazoratini taʼminlash va davlat organlari va xalq o‘rtasida muvozanatni saqlash uchun mustaqil Ombudsman institutlarining bo‘lishi juda muhim.
Shu nuqtai nazardan Prezidentimizning 2021 yil 10 sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ham Ombudsman instituti faoliyatini takomillashtirishga va uni kuchaytirishga qaratilgan edi. Farmon bilan, Ombudsman inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi parlament nazorati instituti sifatida belgilandi.
Ushbu farmon orqali hududlarda Ombudsmanning 14 ta mintaqaviy vakil faoliyati yo‘lga qo‘yildi, murojaatlar bilan ishlash tizimi raqamlashtirildi va ular tahlil qilish orqali tizimli yechimga yo‘naltirildi, takliflarni qonun tashabbuskorligi huquqi asosida kiritish huquqi berildi hamda uning qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish mexanizmi kuchaytirildi.
Aslida Ombudsman faoliyatidagi ushbu katta o‘zgarishlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarning ajralmas qismidir. So‘nggi yillarda Davlatimiz rahbarining tashabbus va g‘oyalari asosida qabul qilingan Harakatlar strategiyasi, Taraqqiyot strategiyasi va O‘zbekiston–2030 strategiyasi asosida mamlakatimizning demokratik qiyofasi o‘zgardi. Iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy yangilanishlar yuz bermoqda.
Asosiysi, mamlakatimizda “Inson qadri” uchun g‘oyasi asosida har bir shaxsning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashga jiddiy kirishildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlarini taʼminlashga, inson qadrini yuksaltirishga oid normalar 3,5 baravarga oshib, shaxsiy daxlsizlik huquqi, xususiy mulk daxlsizligi, so‘z erkinligi kabi umuminsoniy qadriyatlar to‘liq qamrab olindi.
Tadbirda qayd etilganidek, Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodasi bilan Ombudsmanning institutsional asoslari mustahkamlandi. Shuningdek Bosh qomusimizda Ombudsman qonunchilik tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunchilik takliflarini kiritishi aks etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni asosida Bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida Bolalar Ombudsmani instituti tashkil etildi.
Xususan, bugungi kunda Ombudsman instituti yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari sohasida taʼsirchan parlament nazoratini olib borish, sohaga oid milliy qonunchilik hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirishda salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Aholining murojaatlarini hududlar va sohalar kesimida tahlil qilish asosida chekka hududlarda fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi, shuningdek, maktab yoshlarining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan “Ombudsman soati” innovatsion loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda, Ombudsman instituti har yili 20 mingdan ortiq murojaatlarni ko‘rib chiqmoqda. Ko‘plab qonunlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda.
Shu bilan birga, fuqarolarga sayt va mobil ilova orqali elektron murojaat yuborish va javob xatlarini uydan chiqmagan holda mobil ilovadan yuklab olish imkoniyati yaratilgani qayd etildi. Bevosita qabulga keluvchilar uchun qulay kutish xonalari, ona va bola uchun maxsus joylar, tibbiyot punkti kabi bir qator qulayliklar yaratildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan o‘tgan yili yangi tahrirda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun ombudsmanga o‘z vazifalarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolat hamda huquqlar berilgani alohida eʼtirof etildi.
Tadbirda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash bo‘yicha ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Inson huquqlarini taʼminlash har bir davlat xizmatchisining kundalik faoliyatida aks etishi zarurligi qayd etildi. Mazkur jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirish, shuningdek, inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.
Jumladan, inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning mintaqaviy vakillari faoliyati Ombudsmanning xalqqa yaqinlashishda muhim omil bo‘layotgani, ular joylarda murojaatlar bilan ishlash, monitoring tashriflari, huquqiy xabardorlikni oshirish borasida samarali ish olib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Xulosa sifatida taʼkidlandiki, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash bugungi davlat siyosatining mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda. Har bir davlat organi o‘z faoliyatida inson manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishi, belgilangan majburiyatlarini sidqidildan bajarishi lozim. Chunki inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish – faqatgina Ombudsman institutining emas, balki barcha davlat organlari zimmasidagi konstitutsiyaviy burchdir.
Shu bilan birga, Ombudsman instituti ushbu jarayonda davlat organlari, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini samarali amalga oshirishi zarur.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati