Bugungi kunda mamlakatimizning 90 dan ortiq ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida nogironligi bor bolalar taʼlim olishmoqda. Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish va shaxsiy salohiyatini namoyon etishga sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi.
Shu maqsadda Ombudsman instituti tashabbusi bilan o‘tgan yili boshlangan “Huquq bilimdoni” viktorinasi bu yil 2-marotaba tashkil etilmoqda. O‘tgan yilgi tanlov finalida ishtirok etgan bolalarning quvonchi, yuksak motivatsiyasi va o‘z kuchiga ishonchining oshgani ushbu tashabbusni anʼanaga aylantirishga asos bo‘ldi.
Tanlov tayanch-harakat aʼzolari shikastlangan bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 9–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi.
I bosqich test shaklida quyidagi muassasalarda tashkil etiladi:
- Angren shahridagi 34-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
- Qo‘qon shahridagi 9-son maktab-internati;
- Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi 100-son maktab-internati.
Natijalarga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan 9 nafar o‘quvchi II bosqich — finalga yo‘llanma oladi.
II bosqich Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






