Bu jarayonda ayniqsa qiynoqlar, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat va jazo turlarini qat’iy taqiqlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz ekani, hech qanday holat ularni kamsitish uchun asos bo‘la olmasligi hamda hech kim qiynoqqa, zo‘ravonlikka yoki boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat va jazoga duchor etilmasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Qiynoqlarning oldini olishga oid yangi me’yorlar joriy etildi, mavjud normalar takomillashtirildi. Oliy yuridik kuchga ega hujjat sifatida Konstitutsiyada shaxs o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lgan hollarda u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Bu normalarning Konstitutsiyaning o‘zida aks ettirilishi O‘zbekistonning inson qadri ustuvorligini ta’minlash va qiynoqlarga qarshi kurashishdagi qat’iy pozitsiyasini namoyon etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 4-bobida jazoni ijro etuvchi muassasalar va organlar faoliyati ustidan nazorat va monitoring mexanizmi belgilangan.
Nazorat va monitoring tizimida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan bir qatorda parlament nazorati subyekti sifatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ham ishtirok etadi. Shu o‘rinda Ombudsman institutining o‘ziga xos va qadrli jihati shundaki, u mustaqil faoliyat yuritadi, aholi uchun ochiq, sud va huquqni muhofaza qiluvchi tizimlarga bog‘liq emas, vakolatlari alohida qonun bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lib, jumladan mahkumlar huquqlarini himoya qilish sohasida ham parlament legitimiyatiga ega.
2024 yil 15 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, Ombudsman o‘z xohishi bilan tark etib bo‘lmaydigan muassasalarda qiynoq holatlarini oldini olish bo‘yicha choralar ko‘radi. Qonunda BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasiga fakultativ protokol (OPCAT) talablari inobatga olingan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Ombudsman hamda Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tomonidan 2021 yilda 177 ta, 2022 yilda 381 ta, 2023 yilda 603 ta, 2024 yilda esa 902 ta monitoring tashrif amalga oshirilgan (2025 yilning birinchi yarim yilligida — 491 ta). Bu orqali qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazorati tizimi yo‘lga qo‘yildi. Monitoringlar natijasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tahliliy ma’lumotlar, xulosalar, taqdimnomalar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlanib, tegishli vazirlik va idoralarga yuboriladi. Shuningdek, monitoringlar natijalari Ombudsmanning har ikki palataga taqdim etiladigan yillik hisobotida o‘z aksini topadi.
Ta’kidlash joizki, 2024 yilda Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra 23-son maxsus mahkumlar shifoxonasida 50 o‘rinli ayollar bo‘limi tashkil etildi. Bu bo‘lim zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, mahkum ayollar uchun barcha zarur tibbiy sharoitlar yaratildi.
Ma’lumot uchun: ushbu shifoxonada 2 ta laboratoriya va 21 ta bo‘lim mavjud bo‘lib, ular orasida terapiya, nevrologiya, jarrohlik, stomatologiya, diagnostika, sil va boshqa yo‘nalishlar bor. Shuningdek, u yerda murakkab jarrohlik amaliyotlari ham bajariladi.
Tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida shifoxonaga ikki dona rentgen apparati yetkazib berildi. Ulardan biri — ko‘chma rentgen apparati bo‘lib, uni boshqa muassasalarga olib borish va jazoni ijro etish koloniyalarida qo‘llash imkonini beradi. Bu uskuna kuniga 300 nafar mahkumni tekshirish va aniq xulosa berish imkoniyatiga ega.
Ikkinchi rentgen apparati barcha organlarni rentgenologik tekshiruvdan o‘tkazish imkonini beradi. Har ikki uskunaning radiatsiya dozasi juda past bo‘lib, bemor sog‘ligi uchun zararsiz hisoblanadi.
Ushbu chora-tadbirlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarning mazmun-mohiyatini belgilaydi hamda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, jumladan **BMTning Mahbuslarga nisbatan muomala qilish bo‘yicha minimal standart qoidalari (Mandela qoidalari)**ga muvofiq insonparvar qamoq sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.
Gabit Aydarov
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Devoni
Bosh maslahatchisi