Xabaringiz bor, joriy yil boshida ombudsman.uz saytida “Qoraqalpog‘istondagi narkologik bemorlarga yaratilgan sharoitlar amalda yaxshilanmadi – Ombudsman” sarlavhasi ostida xabar eʼlon qilingan edi. Unda Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Taxiatosh tumani filialida o‘tkazilgan monitoring tashriflarida u yerda saqlanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlar belgilangan talablarga javob bermasligi qayd etilgan. Xususan, muassasa binosi to‘liq kapital taʼmirtalab holda bo‘lib, hududda obodonlashtirish ishlari olib borilmaganligi va bemorlarni ochiq havoda sayr qilish maydoni ham talab darajasida emasligi, filialning barcha qavatlaridagi yuvinish xonalarida issiq suv mavjud emasligi, asbob-uskunalarning yaroqsiz holatda ekanligi va boshqa kamchiliklar aniqlangan.