Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Toshkent shahridagi qator yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi, murojaatlar qabul qilindi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan qator yopiq muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Tashriflar doirasida 51-sonli manzil-koloniyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining narkologiya xizmati bo‘yicha Toshkent shahar filiali, Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasi, Toshkent shahar “Saxovat” internat uyi va “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun internat uyidagi sharoitlar o‘rganildi.

Monitoring jarayonida yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoiti, oziq-ovqat taʼminoti, tibbiy xizmat ko‘rsatish, mehnatga jalb etish, uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar uchun mo‘ljallangan xonalar hamda murojaat qilish huquqini taʼminlash masalalari o‘rganildi. Shuningdek, kameralar va binolarning sanitariya holati, videokuzatuv tizimlari ko‘zdan kechirildi.

Xususan, Toshkent shahridagi Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida sud ajrimlariga asosan aqli noraso deb topilib majburiy davolanish o‘tayotgan 60 nafar bemorlarda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi sababli ularni Tibbiy mehnat ekspert komissiyasi ko‘rigidan o‘tkazish hamda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan nafaqa puli to‘lanishi to‘xtatilgani aniqlandi.

Shu bilan birga, ijtimoiy aloqalarini (yaqinlari, qarindoshlari yoki vasiylari bilan bog‘lanish imkoni) yo‘qotgan bemorlar majburiy davolanishni davom ettirish maqsadida boshqa viloyatlarda joylashgan psixiatriya muassasalariga ko‘chirilayotganda, ularni temir yo‘l yoki avtobus orqali tashish jarayonida xavfsiz va belgilangan tartibda yetkazish uchun maxsus transport vositasiga ehtiyoj mavjudligi maʼlum bo‘ldi.

51-sonli manzil-koloniyasida o‘tkazilgan monitoring doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va holi tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Murojaatlar nazoratga olinib, o‘rganish ishlari boshlandi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.

Toshkent shahar “Muruvvat” internat uyida yashovchi nogironligi bo‘lgan erkaklarga, jumladan mustaqil harakatlana olmaydiganlarga shart-sharoitlar yaratilgani aniqlandi. Shuningdek, kutubxona, to‘qish xonasi, sport zallari ham ko‘zdan kechirildi.

“Saxovat” internat uyida o‘tkazilgan monitoring tashrifida ham qariyalarga yaratilgan sharoitlar bo‘yicha kamchiliklar aniqlanmadi.

Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi taʼminlanadi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati