Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Toshkent viloyatidagi bir qator yopiq muassasalarda monitoring tashriflari o‘tkazildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Nurafshon shahri, Toshkent tumani va Chirchiq shahri IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi (VSʼH), Toshkent, Chirchiq va Bo‘ka tumanlaridagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktlari (hushyorxona), Bo‘stonliq tumanidagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasi, Chirchiq shahridagi 13-sonli jazoni ijro etish muassasasi, Olmaliq, Ohangaron shaharlari hamda Sergeli, Yangi Hayot, Ohangaron, Yuqori-Chirchiq, Zangiota, Bo‘ka tumanlaridagi 42-, 50-, 49-, 44-, 48-, 47-, 43 va 46-son manzil-koloniyalari hamda shartnoma obyektlari shuningdek, Zangiota tumanidagi 24-son tarbiya koloniyasi, Nurafshon shahrida joylashgan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markaziga, Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonaga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashriflari davomida muassasalardagi yotoq joylar, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini saqlash joylari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tintuv xonalari, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi shart-sharoitlar, shuningdek, muassasalar hududida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining holati alohida ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish jarayonida ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Jumladan, 43 va 46-sonli manzil-koloniyalarning intizomiy bo‘linmalari, Nurafshon shahar VSʼH, Toshkent tumani VSʼH hamda Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasi tarkibidagi hushyorxona taʼmir talab holatga kelgani aniqlandi.

46-sonli manzil-koloniyasi intizomiy bo‘linmasida, Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasi hamda Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasi tarkibidagi hushyorxonalarda issiqlik tizimi bilan bog‘liq kamchilik kuzatildi.

Shuningdek, Nurafshon shahrida joylashgan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazidagi harorat yetarli darajada emasligi, ventilyatsiya va yotoq joylarida sanitariya-gigiyena talablari buzilgani maʼlum bo‘ldi.

Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasi tarkibidagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktida tibbiyot xonasidagi yumshoq inventarlar (matraslar) yaroqsiz holga kelgani, shuningdek, shaxslar yotadigan xonalarda eshiklar mavjud emasligi, faqat temir panjaralar o‘rnatilgani aniqlandi.

Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati