Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bir qator viloyatlardagi yopiq muassasalarda navbatdagi monitoring tashriflari amalga oshirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Jizzax, Sirdaryo, Navoiy, Xorazm, Andijon, Buxoro, Namangan viloyatlaridagi mintaqaviy vakillari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan qator yopiq muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Tashriflar doirasida Jizzax viloyati IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi, Xorazm viloyati 11-son tergov hibsxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya va narkologiya xizmatlari bo‘yicha Xorazm viloyati filiali va “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi, Andijon viloyati IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi, Namangan viloyati 6-son tergov hibsxonasi, IIB JXX JTSB vaqtincha saqlash hibsxonasi, Buxoro viloyatidagi 4-son tergov hibsxonasi, 17-son jazoni ijro etish koloniyasi, IIB JXX JTSB vaqtincha saqlash hibsxonasi, Navoiy viloyati, 4-,11-son jazoni ijro etish koloniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi 2-son tergov hibsxonasi hamda Sirdaryo viloyati 8-son tergov hibsxonasi va 40-sonli manzil-koloniyasidagi sharoitlar o‘rganildi.

Monitoring jarayonida yopiq muassasalardagi yashash sharoiti, oziq-ovqat taʼminoti, tibbiy xizmat ko‘rsatish, mehnatga jalb etish, uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar uchun mo‘ljallangan xonalar hamda murojaat qilish huquqini taʼminlash masalalari o‘rganildi. Shuningdek, kameralar va binolarning sanitariya holati, videokuzatuv tizimlari, advokatlar va tergovchilar uchun mo‘ljallangan xonalar ko‘zdan kechirildi.

Namangan viloyatidagi 6-son tergov hibsxonasida yangi bino ishga tushirilgani sababli sig‘im bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilgani aniqlandi.

Navoiy viloyatidagi 4-, 11-son jazoni ijro etish koloniyalaridagi tibbiyot bo‘limlari o‘rganilganda mahkumlar statsionar va ambulator tartibida davolanayotgan shaxslar bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat davomida tibbiy xizmat, mahkumlarga bo‘lgan munosabat palatalardagi harorat, hamda sanitariya-gigiyena talablariga amal qilinishi holatlari o‘rganildi.

Andijon viloyati IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida avvalgi monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgani qayd etildi. Xususan, muassasadagi ko‘rpa-to‘shaklar yangilanib, toza choyshab va yostiq jildlari bilan taʼminlangan.

Shuningdek, Xorazm viloyatidagi 11-son tergov hibsxonasi kutubxonasiga badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.

Ushbu monitoring tashriflari davomida “Ombudsman quti”laridagi murojaatlar o‘rganish uchun olib ketildi. Koloniya hududlarida mahkumlar bilan umumiy uchrashuvlar o‘tkazilib, qabulga murojaat qilgan shaxslar hamda ayrim kameralarda saqlanayotgan mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlar tashkil etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati