Xususan, Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan mahkumlarning qiziqishlari o‘rganilib, “ustoz-shogird” anʼanasi asosida turli to‘garaklar tashkil etilgan.
Kuni kecha Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan 6-son Jazoni ijro etish koloniyasiga navbatdagi monitoring tashrifi amalga oshirildi. Unda Biznes-ombudsman, Namangan viloyati Oshpazlar uyushmasi hamda Hunarmand uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi vakillari ishtirok etdi.
Tashrif davomida koloniyada faoliyat yuritayotgan Kasb-hunar markazi ishi bilan tanishildi. Oshpazlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan amaliy mashg‘ulotlar kuzatildi.
Shundan so‘ng, oshpazlik yo‘nalishida 33 nafar hamda hunarmandchilikning 5 turi bo‘yicha 117 nafar — jami 150 nafar mahkum “ustoz-shogird” anʼanalari asosida tashkil etilgan o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagani munosabati bilan sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Monitoring davomida 611 nafar mahkum bilan jamoaviy tartibda, 5 nafari bilan esa holi tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Suhbatlarda yashash sharoiti, tibbiy xizmat, oziq-ovqat taʼminoti hamda yaqinlari bilan uchrashuvlar va telefon orqali muloqot qilish holatlari o‘rganildi.
“Ombudsman quti”larida qoldirilgan hamda holi tarzda qabul qilingan murojaatlar nazoratga olinib, o‘rganish ishlari boshlandi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






