Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sirdaryo viloyatidagi yopiq muassasalarda o‘tkazilgan monitoringlarda ayrim kamchiliklar aniqlandi - Ombudsman
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Guliston shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi (VSʼH), 8-son tergov hibsxonasi (TH), Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya bo‘yicha Sirdaryo viloyati filiali, Sirdaryo “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi hamda Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonaga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashriflari davomida muassasalardagi yotoq joylar, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tintuv xonalari, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi shart-sharoitlar, shuningdek, muassasalar hududida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining holati ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish jarayonida ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Jumladan, Guliston shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanuvchi shaxslarning qarindoshlari hamda boshqa shaxslar bilan uchrashuvlari uchun alohida xonalar ajratilmagani hamda kameralar radioeshittirish vositalari bilan taʼminlanmagani maʼlum bo‘ldi.

8-son tergov hibsxonasida o‘tkazilgan monitoring tashrifda baʼzi kameralarning taʼmir talab ekanligi aniqlandi. Shuningdek, Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan sayyor qabul o‘tkazilib, mahbuslar murojaatlari qabul qilindi. “Ombudsman qutisi”da qoldirilgan murojaatlar ham o‘rganish uchun olib ketildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya bo‘yicha Sirdaryo viloyati filialida ayrim bo‘limlarda belgilangan sig‘imdan ortiq bemorlar davolanayotgani aniqlandi. Xususan, kattalar psixiatriya (ayollar) bo‘limi 40 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, hozirda 44 nafar, o‘tkir psixiotik (ayollar) holatlar bo‘limida 20 o‘rin o‘rniga 30 nafar bemor davolanmoqda. Shuningdek, kattalar psixiatriya (erkaklar) bo‘limida 40 o‘ringa nisbatan 50 nafar, o‘tkir psixiotik (erkaklar) holatlar bo‘limida esa 30 o‘ringa qaramasdan 42 nafar bemor davolanayotgani maʼlum bo‘ldi.

Bundan tashqari, Davolash bo‘limlarida xavfsiz harakatlanishni taʼminlashga oid talablar buzilgani aniqlandi

Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati