Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ayollar koloniyasida mahkumalar uchun bayram tadbiri tashkil etildi
2026 yilning 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti hamda O‘zbekiston Nogironlar jamiyati hamkorligida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Toshkent viloyatidagi 21-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumalar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumalarga yaratilgan shart-sharoitlar doimiy ravishda monitoring qilib boriladi, ularning murojaatlari o‘rganiladi. Shu bilan birga, inson qadrini ulug‘lash tamoyilidan kelib chiqib, mahkumalarning ijtimoiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlanishiga qaratilgan shu kabi tadbirlar ham muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Tadbir davomida mahkumalar uchun musiqa va madaniy chiqishlar namoyish etildi. Bu kabi madaniy-maʼrifiy tadbirlar muassasada saqlanayotgan shaxslar uchun ijobiy ruhiy muhitni shakllantirishga, ularning hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga hamda ozodlikka chiqqanidan so‘ng jamiyatga moslashishga ruhlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tadbir tashkilotchilari tomonidan koloniya kutubxonasiga 200 tadan ortiq badiiy kitoblar hamda nogironligi bor mahkumalarga nogironlik aravachalari va yurish moslamalari berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati