Har bir inson tinch va xavfsiz hayotda yashash huquqiga ega. Ammo, bugungi kunda xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrash holatlari ko‘payib bormoqda. Butun dunyo bo‘ylab millionlab ayollar o‘z huquqlaridan foydalanishda kamsitishlarga duch kelishda davom etmoqdalar. Ushbu muammo nafaqat insonlarning shaxsiy hayotiga, balki jamiyat rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omil hisoblanadi.
JSSTning ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan holatlarning 38 foizida uning turmush o‘rtoği yoki u bilan birga umumiy ro‘zg‘or asosida yashayotgan shaxsning aybi bo‘ladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib, 1995-yil 6-mayda BMTning Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilgan. Shuningdek, Onalikni himoya qilish, Mehnat va kasb sohasidagi kamsitish to‘g‘risidagi konvensiyalar va boshqa xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan.
Ta’kidlash lozimki, xotin-qizlar huquqlariga e’tibor bu bilan to‘xtab qolmadi. Qisqa davr ichida sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi. Jumladan, so‘nggi 5 yil ichida sohaga oid 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. “Xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi muhim qonunlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari gender tenglik siyosatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va uni to‘laqonli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida 2030-yilgacha mo‘ljallangan Gender Strategiyasining qabul qilinganligi va uni barcha soha va tarmoqlarga joriy qilish ishlarining jadalik bilan olib borilayotganligi ham diqqatga sazovordir.
Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan 2025-yilning 9-aprelida O‘zbekiston Respublikasining “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni imzolandi. Ushbu Qonun bilan Oila kodeksining 40-moddasiga sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi haqidagi normaning kiritilishi xotin-qizlar huquqlarining ta’minlanishi, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishda muhim qadam bo‘ldi.
Birinchidan, ushbu normaning kiritilishi oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirishga, shuningdek xotin-qizlarning faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, mazkur norma nikohdan ajratish masalasi o‘z vaqtida hal qilinmasligi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarning o‘z joniga qasd qilishi, bevaqt o‘limi kabi ayanchli oqibatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘z navbatida, Ombudsman tomonidan ham zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlarning murojaatlari o‘rganilib, vakolat doirasida chora ko‘rilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2024-yil davomida Ombudsman tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 409 tasi xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik, shaxsiy hayotga aralashish hamda oilada ayolning tahqirlanishi masalalarida kelib tushgan. Ushbu murojaatlar umumiy murojaatlarning 1,9 foizini, xotin-qizlardan kelib tushgan murojaatlarning esa 4,3 foizini tashkil qilgan.
Ushbu yo‘nalishdagi eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo (76) va Surxondaryo (51) viloyatlari, shuningdek Toshkent shahrida (59) yashovchi fuqarolardan kelib tushgan.
Shu bilan birga aniqlanishicha, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik yuzasidan qilingan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, zo‘ravonlik holatlarining katta qismi ayollarning turmush o‘rtoği hamda uning oila a’zolari tomonidan sodir etilgan oilaviy-maishiy zo‘ravonlik holatlaridir.
Murojaatlar o‘rganilishi natijasida 8 nafar xotin-qizlarga “himoya orderi” berilishida ko‘maklashildi. Shu bilan birga, xotin-qizlarning murojaatlari asosida Ombudsmanning prokuratura organlariga so‘rovlariga binoan 2 ta holatda aybdorga nisbatan JKning 126¹-moddasi 5-qismi “v” bandi, 1 holatda 126¹-moddasi 7-qismi “v” bandi, 112-moddasi 1-qismi bilan, yana 1 holatda 126¹-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni sohadagi ishlar, xususan, ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini mustahkamlash, gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirish kabi muhim yo‘nalishlarda hukumat tomonidan ishlar olib borilmoqda.
Xususan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga “Himoya orderi” berilishi tartibining joriy etilganligi, tajriba tariqasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar, Namangan tumanlararo va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarida “Oila sudyalari” tashkil etilganligi e’tiborlidir.
Ammo, himoya orderi olgan xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikning davom ettirilayotganligi, hattoki bunday holatlarning o‘lim bilan yakunlanishi holatlari ham uchrab turibdi. Ushbu holatlar himoya orderi berilishi, qolaversa xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va zo‘ravonlikka barham berilishi masalalarining naqadar muhim ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Shu o‘rinda, xorijiy mamlakatlarning tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Yangi Zelandiya qonunchiligiga ko‘ra, Oila sudlari zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun zo‘ravonlikka uchragan shaxsning arizasiga ko‘ra Himoya orderi (Protection Order) berish haqida qaror qabul qilishi mumkin. Agar ko‘rilayotgan ish oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lsa, sudya shaxsning arizasiz ham Himoya orderi berilishi haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Agar jabrlanuvchiga darhol himoya kerak bo‘lsa, sudya vaqtinchalik himoya orderi (Temporary Protection Order) berilishi haqida qaror qabul qiladi.
Yangi Zelandiya qonunchiligiga ko‘ra, javobgar tomonidan Himoya orderi talablariga rioya qilmaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shunga o‘xshash norma Kanadaning Alberta provinsiyasida ham mavjud. Oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun (Protection Against Family Violence Act)ga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs(lar)ga Himoya orderi (protection order, emergency protection order, King’s Bench protection order) sud tomonidan beriladi. Qonunga ko‘ra, agar sudya ishni ko‘rish jarayonida oilaviy zo‘ravonlikni aniqlasa, jabrlanuvchining arizasiz ham Himoya orderi berilishi haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Himoya orderi qoidalarini buzish 1-marta buzish — 5000 AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima yoki 90 kungacha ozodlikdan mahrum qilish, 2-marta buzish — 14 kundan 18 oygacha ozodlikdan mahrum qilish, 3-marta yoki keyingi buzishlar — 30 kundan 24 oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, zo‘ravonlikka barham berish masalalarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim bosqichlaridan biri ekanligidan kelib chiqib, quyidagi masalalarga e’tibor qaratilishi lozim:
Birinchidan, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash yuzasidan majburiy o‘quv kurslari joriy etish va ushbu kurslarda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik va uning oqibatlari yuzasidan dars mashg‘ulotlarini amalga oshirish.
Buning uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 820-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarida mashg‘ulotlarni tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomda (keyingi o‘rinlarda Nizom) belgilangan nikohni qayd etish uchun ariza bergan shaxslarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarida ixtiyoriy o‘quv mashg‘ulotlarida o‘qitish normasining majburiy tartibda o‘qitish normasiga o‘zgartirilishi.
Ikkinchidan, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning tuzalishi yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirish.
Qayd etib o‘tish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 2020-yil 4-apreldagi 3-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni tuzatishning namunaviy dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu dastur samaradorligi yoki amaliyotda qo‘llanishi bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas. Soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra, ushbu dastur amaliyotda qo‘llanilmaydi hamda dastur vazifalari ijrosi 5–6 ta muassasaga yuklanishi, dastur bo‘yicha zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning tuzatishi bo‘yicha samarani pasaytirishi yoki bermasligi mumkin.
Shunga ko‘ra, ushbu tuzatish dasturini takomillashtirish lozim hisoblanadi. Bunda, tuzatish dasturini soha mutaxassislari ishtirokida xalqaro tajribaning yutuqlaridan foydalangan holda qayta ko‘rib chiqib, tuzatish dasturini o‘tkazishni mas’ul 1 ta davlat tashkilotiga yuklash lozim bo‘ladi.
Yangi Zelandiyada ko‘p hollarda sud javobgarni baholash va zo‘ravonlikdan voz kechish dasturlariga (an assessment and a non-violence programme) yuboradi. Agar javobgar buni bajarmasa, 5000 dollargacha jarima yoki 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Avstraliyada 2022-yil oktyabr oyida 2022–2032-yillarga mo‘ljallangan Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish milliy rejasi (National Plan to End Violence against Women and Children 2022–2032) e’lon qilingan. Ushbu reja zo‘ravonlikning oldini olish, zo‘ravonlikka uchrash xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni aniqlash, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan jabrlanuvchilarga yordam berish va zo‘ravonlik qilgan shaxslarni javobgarlikka tortish, zo‘ravonlik ishtirokchilari reabilitatsiyasi choralarini o‘z ichiga oladi.
Avstraliyada zo‘ravonlikka qarshi kurash maqsadida tashkil qilingan Erkaklar xulq-atvorini o‘zgartirish dasturlari (Men’s Behavior Change Program – MBCP) mavjud. Ushbu dastur erkaklarning zo‘ravonlik xatti-harakatlarini tan olishlari va zo‘ravonlikdan foydalanishni to‘xtatish strategiyalarini ishlab chiqishlari uchun ular bilan ishlashga qaratilgan.
Dastur doirasida erkaklarga psixologik yordam ko‘rsatiladi va treninglar o‘tkazish orqali ularga zo‘ravonlikdan foydalanishni to‘xtatish strategiyalari tushuntiriladi.
AQShning Illinoys shtatida Zo‘ravonlikning oldini olish markazi (Center for Prevention of Abuse) faoliyat olib boradi. Ushbu markaz faqat zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga emas, balki zo‘ravonlik qilgan shaxslarga ham yordam beradi.
Markazning zo‘ravonlikni amalga oshirgan shaxslarni salbiy va zararli xatti-harakatlardan qutulishiga yordam beradigan dasturi (Partner Abuse Intervention Program) orqali zo‘ravonlik ishtirokchilari (erkaklar va ayollar) uchun 26 haftalik o‘quv kursidan iborat.
Ushbu dastur davomida zo‘ravonlik qilgan shaxslarga o‘zlari qilgan zo‘ravonlikni tan olish, o‘z xatti-harakatlari uchun boshqalarni ayblamaslik, harakatlari oqibatlarini tushunish, sherigiga nisbatan hurmatni saqlash, uni qo‘llab-quvvatlash, sherigining shikoyatlariga nisbatan munosabat bildirish kabi ko‘nikmalar orqali zo‘ravonlikdan qutulish o‘rgatiladi.
Ko‘rinib turibdiki, qator mamlakatlarda oilaviy zo‘ravonlikni kamaytirish va unga qarshi kurash faqat jabrlanuvchilarni emas, balki zo‘ravonlik qilgan shaxslarni ham reabilitatsiya qilish, ular bilan maxsus trening va dasturlar doirasida ishlash yo‘lga qo‘yilgan.
Uchinchidan, maishiy zo‘ravonlikning kutib bo‘lmas holatlarida, tezkor reaksiya qilish uchun mobil ilova ishlab chiqish, bunda mobil ilovani qo‘riqlash xizmatlari dasturiga biriktirish tavsiya etiladi.
Ahamiyatlisi, bu holda butunlay avtonom yangi mobil ilova yaratilishi yoki ushbu mobil ilova qo‘riqlash xizmatlarining mavjud dasturiy tizimlariga biriktirilishi mumkin.
Mobil ilovada “xavotirli qo‘ng‘iroq” (tревожный вызов/signal) funksiyasini joriy qilish orqali, ushbu funksiyadan foydalangan maishiy zo‘ravonlik jabrlanuvchisi yoki ehtimoliy jabrlanuvchisining turar joyi bo‘yicha (geolokatsiya ma’lumotlari orqali) qo‘riqlash xizmatlari xodimlari yetib
kelishi ko‘zda tutilishi lozim.
Ta’kidlash lozimki, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tumanlardagi MFYlarda faoliyat olib borayotgan xodimlarida mavjud ma’lumotlar asosida muammoli oilalardagi xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini ko‘zlagan holda ushbu mobil ilovaning ular tomonidan yuklab olinishi targ‘ib qilinishi va foydalanish uchun imkoniyat yaratilishi lozim hisoblanadi.
Mobil ilovaning joriy etilishi, kelgusida oilalarda maishiy zo‘ravonlik holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Yana bir holatni esda tutish lozimki, maishiy zo‘ravonlik holatlari sodir etilayotgan paytda jabrlanuvchi tomonidan mavjud Ishonch telefonlari yoki IIBlarga telefon qilish imkoni bo‘lmasligi mumkin va ehtimoliy jabrlanuvchiga zo‘ravonlik qilish holati oxirigacha amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yib berilishi mumkin. Buning natijasida esa, zo‘ravonlikni bartaraf etish emas, uning oqibatlari bilan ishlashga to‘g‘ri keladi. Mobil ilova ushbu ehtimollarni bartaraf etishga ko‘maklashadi.
To‘rtinchidan, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan qisqa kurslar tashkil etilishi tavsiya etiladi.
Buyuk Britaniyaning London Metropoliten Universitetida magistratura bosqichi talabalari uchun “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik: Muammolar, Tadqiqot va Siyosat” (Violence Against Women: Issues, Research and Policy) nomli qisqa kurslar mavjud. Ushbu kurs siyosatchilar sifatida ishlaydigan yoki mahalliy, mintaqaviy yoki milliy darajada zo‘ravonlikni boshdan kechirgan ayollar va bolalar uchun maxsus xizmatlarda ishlovchilar, shuningdek ushbu sohalarda ishlash niyatida bo‘lganlarga qaratilgan.
Avstraliyaning Australian National Universitetida magistratura bosqichi talabalari uchun “Avstraliya, Osiyo va Tinch okeanida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik” (Violence Against Women in Australia, Asia and the Pacific) kursi mavjud. Ushbu kurs zo‘ravonlikning xilma-xilligi, ko‘lami va xarakterini ko‘rib chiqadi va sabablar haqidagi nazariy tushuntirishlarni tahlil qiladi hamda Avstraliya, Osiyo va Tinch okeanidagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka alohida e’tibor qaratgan holda individual va jamoaviy zo‘ravonlik va tajovuzni davolash usullarini tahlil qilishga asoslangan. Kурс tўртта asosий yo‘nalishga — huquq, sog‘liqni saqlash, jinoyat va tartibga solish masalalariga qaratilgan. Shu bilan birga, maishiy zo‘ravonlik, xotin-qizlarga tazyiq ishlari bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqadigan davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga sohaga oid mutaxassislar ishtirokida tajriba va ko‘nikmalarini oshirish uchun maxsus trening dasturi ishlab chiqilishi va o‘tkazilishi tavsiya qilinadi.
Shvetsiyaning Uppsala Universitetida Zo‘ravonlik bo‘yicha onlayn kurs (Online Course on Violence) tashkil etilgan. Kурс o‘z faoliyati davomida zo‘ravonlikka uchragan ayollar va bolalar yoki zo‘ravonlik sodir etganlar bilan uchrashadigan mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratilgan. Kурс ijtimoiy xizmat xodimlariga mo‘ljallangan, ammo sog‘liqni saqlash, ta’lim yoki huquq kabi boshqa sohalarda ishlaydigan xodimlar ham ushbu kursdan foydalanishlari mumkin.
Barno Bobomurodova,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Devoni xodimi
Suxrobjon Mamajonov,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Devoni xodimi