Treningda O‘zbekiston va Tojikiston Ombudsmanlari devonlari xodimlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarning huquq va erkinliklari buzilishiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish, shikoyatlarni o‘rganish jarayonida zamonaviy yondashuv va usullarni qo‘llash, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy institutlar o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishdan iborat.
Trening davomida shikoyatlarni qabul qilish va tahlil qilish, murojaatlarda bayon etilgan holatlarni har tomonlama o‘rganish, dalillar bilan ishlash, tegishli ma’lumotlarni to‘plash hamda murojaatlar yuzasidan asoslantirilgan xulosalar tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonida inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, murojaat etuvchilar bilan samarali muloqot olib borish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan choralarni belgilashning ahamiyati muhokama qilindi.
Amaliy mashg‘ulotlar va tajriba almashish jarayonlari ishtirokchilarga shikoyatlarni o‘rganish bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash, ish faoliyatida uchraydigan muammolar yuzasidan fikr almashish hamda samarali ish usullarini o‘zaro o‘rganish imkonini berdi.
Mazkur mintaqaviy trening O‘zbekiston va Tojikiston Ombudsmanlari institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, murojaatlar bilan ishlash sifatini oshirish va inson huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.






