Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Xalqaro konferensiya doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi
“Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan, BMTning demokratik va adolatli xalqaro tartibotni rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha mustaqil eksperti, Frakiyadagi Demokrit universitetining ommaviy huquq professori, Gretsiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Georgios Katrugalos bilan uchrashuvda inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari, milliy institutlar o‘rtasidagi professional muloqot va o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Pokiston Islom Respublikasi Panjob ombudsmani, Xalqaro Ombudsman institutining Birinchi vitse-prezidenti va Osiyo mintaqaviy direktori Ayesha Hamid bilan muloqotda ombudsman institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash amaliyoti hamda Xalqaro Ombudsman instituti doirasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Hindiston Milliy inson huquqlari komissiyasi Raisi, Hindiston Oliy sudining sobiq sudyasi Shri Jastis V. Ramasubramanian bilan uchrashuvda milliy inson huquqlari institutlarining inson huquqlarini taʼminlashdagi o‘rni, ularning institutsional salohiyati va o‘zaro hamkorlik istiqbollari xususida fikr almashildi.

Uchrashuvlar davomida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘zaro o‘rganish, professional aloqalarni mustahkamlash va kelgusida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati