Konferensiyada Samarqand shahridagi 83 ta umumtaʼlim maktablarining 8400ga yaqin yuqori sinf oʻquvchilari, Yoshlar ishlari agentligi Samarqand shahar boʻlimining yoshlar yetakchilari ishtirok etdi. Mazkur tadbirda oʻquvchilar uchun bevosita va masofaviy muloqot qilish imkoniyati yaratildi.
Tadbirning maqsadi yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish orqali ularning inson huquq va erkinliklari boʻyicha bilimlarini oshirish, inson huquqlari boʻyicha milliy institut hisoblangan Ombudsman institutining faoliyati, vakolatlari va vazifalari bilan tanishtirish boʻldi.
Konferensiyada inson huquqlari har bir shaxsning qadr-qimmati, erkinligi va qonuniy manfaatlarini taʼminlashning muhim asosi ekanligi alohida taʼkidlanib, Ombudsmanning inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi faoliyati, xususan murojaatlarni koʻrib chiqish, tahlil qilish va ularga yechim topish masalalari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi vakili “Yoshlar huquqlari va raqamli muhit: shaxsiy maʼlumotlar, internet xavfsizligi va shaxsiy hayotning daxlsizligi” mavzusida maʼruza qilib, yoshlarning internetdan xavfsiz foydalanishi, shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilishi va raqamli muhitda oʻz huquqlarini bilishi naqadar muhimligi tushuntirildi.
Muloqot jarayonida yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga oid qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan oddiy va tushunarli tilda javoblar berildi.
Konferensiya yakunida yoshlar oʻrtasida inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish, ularning huquqiy bilimlarini oshirish hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.






