Tashrif doirasida Feruza Eshmatova Qirg‘iz Respublikasi Akyykatchysi (Ombudsmani) Jamila Jamanbayeva bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgan davrda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni ham yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Tomonlar fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, axborot almashinuvi va inson huquqlarini ta’minlash masalalarida tezkor hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Qirg‘iz Respublikasi Akyykatchysi (Ombudsmani) o‘rtasida 2022 yilda imzolangan hamkorlik memorandumiga qo‘shimcha kiritish bo‘yicha protokol imzolandi.
Ushbu protokol ikki mamlakat hududlarida bo‘lib turgan fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatilishida hamkorlikni yanada kuchaytirilishiga qaratilgan.
Mazkur hujjat ikki davlat ombudsmanlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






