Ushbu tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan, Buxoro, Xorazm, Samarqand va Navoiy viloyatlarida tashkil etildi. Joylarda ayollar uchun mobil “Huquqiy yordam avtobusi” orqali manzilli huquqiy maslahatlar berildi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.
Tadbirlar davomida jami 80 nafarga yaqin zo‘ravonlikka uchragan ayollar bilan yakka tartibda ish olib borildi. Ularning murojaatlari asosida huquqiy tushuntirishlar berildi, mavjud imtiyozlar va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam choralari haqida ma’lumotlar yetkazildi. Shuningdek, ayollarning ruhiy holatini barqarorlashtirish va ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish maqsadida professional psixologlar tomonidan alohida mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Ishlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmalari, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik organlari, ichki ishlar organlari hamda boshqa mutasaddi tuzilmalar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida:
-
zo‘ravonlik sodir etgan 2 nafar shaxs bilan alohida profilaktik ish olib borish choralari belgilandi;
-
2 nafar ayol o‘zini-o‘zi band qilishi uchun grant asosida tikuv mashinalari bilan ta’minlandi;
-
3 nafar ayol ishga joylashtirildi, 2 nafariga ish taklif qilindi;
-
3 nafar ayolga davolanish uchun tibbiy yo‘llanmalar berildi;
-
4 nafar ayol kasbga yo‘naltirish dasturlari bo‘yicha o‘qishga yuborildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






