Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasi g‘oliblari aniqlandi
2025-yil 9-iyun kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasining yakuniy II bosqichi o‘tkazildi.

Insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishda imkoniyatlar tengligini ta’minlash yetim bolalar hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlanishining asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.

Ayniqsa, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchi bolalari o‘rtasida huquqiy xabardorlikni oshirish, ularni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash hamda ularning daxldorlik tuyg‘usini oshirish muhim ahamiyatga ega.

Jamiyatda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ta’limiga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, ularning huquq sohasiga bo‘lgan qiziqishini hamda bilimlarini oshirishga qaratilgan mazkur loyiha “1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan joriy yilning may oyida start olgan edi.

2 bosqichdan iborat ushbu Viktorinada Toshkent shahrida joylashgan Mehribonlik uylarining 100 nafarga yaqin tarbiyalanuvchilari qamrab olingan. Xususan, shahrimizdagi 22 va 30-sonli Mehribonlik uylarining o‘zbek va rus tillarida ta’lim oluvchi yuqori sinf o‘quvchilari viktorinaning 1-bosqichida ishtirok etishgan.

Ombudsman viktorinasining yakuniy bosqichida testlardan eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

Ishtirokchilar belgilangan vaqt ichida berilgan nazariy va hayotiy voqealardan kelib chiqib tuzilgan amaliy savollarga javob berishdi.

Dastlab Viktorinaning final bosqichiga yetib kelgan 6 nafar ishtirokchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan berilgan ballar asosida aniqlangan g‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash, ularning ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi, shuningdek, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati