Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanga Farg‘ona viloyatidan yuborilgan murojaatlarda qanday masalalar ko‘tarilgan?
Aholining mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi “Ombudsman maktabi” tadbiri Farg‘ona viloyatida tashkil etildi. Dastlab ushbu viloyatdan yuborilgan murojaatlar tahlil qilinib, hudud uchun dolzarb bo‘lgan masalalar tanlab olindi va tegishli tashkilot vakillari jalb etildi.

Loyiha doirasidagi ochiq muloqot 2025-yil 5-iyun kuni Farg‘ona viloyati Quva tumanida joylashgan 19-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi binosida o‘tkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Ombudsmanga viloyat fukarolaridan 1140 ta, 2025 yilning 1-choragida esa 176 ta murojaat kelib tushgan. Aynan Quva tumanidan kelib tushgan murojaatlarda mehnat huquqlarini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish, uy-joy, aliment, firibgarlik, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ta’minlash masalalari ko‘tarilgan.

Shundan kelib chiqib, tumandagi “Qayirma”, “So‘fi”, “Rasta”, “Taxtako‘prik” va “Tinchlik” mahallarida yashovchi 200 nafarga yaqin fuqaro qamrab olingan tadbir ushbu masalalarga bag‘ishlandi.

Fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda aholiga sifatli ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, uy-joy, subsidiya masalalari, pensiya, ijtimoiy nafaqa va kompensatsiya to‘lovlarini tayinlash tartibi, aholining muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar hamda bepul yuridik yordam olish bo‘yicha qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati xususida so‘z bordi.

O‘zaro savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha ham huquqiy tushunchalar berildi.

“Ombudsman maktabi” tadbiri doirasida Ombudsman Feruza Eshmatovaning sayyor qabuli ham o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati