Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyada “inson qadri — eng oliy qadriyat” degan tamoyil uning asosiy g‘oyasiga aylangan. Bu — hujjatning asosiy yo‘nalishi ham, mamlakatdagi islohotlarning bosh maqsadi ham aynan insonga qaratilganini ko‘rsatadi.
Davlat fuqaro hayotiga qanchalik yaqin bo‘lsa, inson qadri shunchalik himoyalangan bo‘ladi. To‘g‘ri, oldimizda qilinadigan ishlar ko‘p. Eng asosiysi — bu o‘zgarishlar davlatning fuqaroga bo‘lgan mas’uliyatini kuchaytirib, haqiqiy ijtimoiy davlat asoslarini mustahkamlamoqda.
Ijtimoiy davlat degani — inson manfaati ustuvor qo‘yiladigan, aholiga ta’lim va tibbiyotda teng imkoniyatlar yaratiladigan, kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlam doimiy qo‘llab-quvvatlanadigan jamiyat demakdir. Shu bilan birga, yangi Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklarining himoyasiga oid qator qo‘shimcha kafolatlar kiritildi, davlat organlarining fuqarolar oldidagi javobgarligi yanada kuchaytirildi.
Konstitutsiyaviy islohotlar negizida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga xizmat ko‘rsatish maqsadli va tizimli asosda amalga oshirilmoqda. “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi elektron ro‘yxatlar orqali ehtiyojmand oilalar aniqlanmoqda, ularning muammolariga manzilli yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Eng muhim jihati — faqat moddiy ko‘mak berish bilan cheklanilmayotganidadir. Aksincha, odamlarning kelajagiga investitsiya kiritish, ularni kasbga o‘rgatish, daromad manbaiga ega qilishga qaratilgan choralar kuchaytirilmoqda. Mahallalarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istagan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaydi, “mahalla yettiligi”ning joylardagi faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yildi.
Bu jarayonlar ijtimoiy davlat tamoyillarining hayotga joriy etilayotganining yorqin misolidir. Davlat yordamni faqat qisqa muddatli chora sifatida emas, balki insonlarni kambag‘allikdan chiqarish va turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan uzoq muddatli yechim sifatida ko‘rmoqda.
Ijtimoiy davlatning eng muhim mezonlaridan biri — jamiyatdagi har bir insonning imkoniyatlari teng bo‘lishidir. Ayniqsa nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bu masala yanada muhim, chunki ular hayotdagi to‘siqlarga boshqalarga qaraganda ko‘proq duch keladi.
Infratuzilmani moslashtirish, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, ta’lim va tibbiy reabilitatsiya ko‘rsatish tizimlari yangilanmoqda. Bolalar va kattalar uchun maxsus markazlar, inklyuziv ta’lim imkoniyatlari, baryersiz muhit yaratish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Ombudsmanga kelayotgan murojaatlar va o‘tkazilayotgan monitoringlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, infratuzilmani baholash va baryersiz muhit yaratish masalalarida hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar bor.
Nafaqat ozodlikda, balki jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar orasida ham nogironligi bor mahkumlarga teng sharoit yaratish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda: kirish joylariga tegishli standartga mos panduslar o‘rnatildi, kutubxonalar brayl alifbosidagi kitoblar bilan to‘ldirildi, yuvinish xonalarida ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekani haqidagi norma ham mavjud.
Ombudsman ushbu konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib kelmoqda. Yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari, mahbuslar va mahkumlardan kelayotgan murojaatlarni o‘rganish natijasida bir qator masalalar aniqlandi. Shu asosda ishlab chiqilgan mahbuslar huquqlariga oid qonunchilik taklifi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Toza havo — bu zamonaviy shahar hayotining asosiy talablaridan biri. Konstitutsiyada insonning sog‘lom atrof-muhitda yashash huquqi mustahkamlangan bo‘lsa-da, amalda bu borada jiddiy kamchiliklar uchramoqda.
Shu sabab ham mamlakat miqyosida ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha keskin choralar belgilandi. Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarga nisbatan nazorat kuchaytirildi, sanoat obyektlari uchun ekologik standartlar yanada qat’iylashtirildi, qurilishlar davomida yashil hududlarni asrash bo‘yicha qoidalar qayta ko‘rib chiqildi.
Biroq aholodan tushayotgan murojaatlar va joylardagi o‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, amaliy natijalarga erishish uchun nazoratning uzluksizligi, ekologik me’yorlarni buzganlarga nisbatan jazoni mustahkamlash, eng muhimi — aholi va tadbirkorlik subyektlarining ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha ishlarni yana-da kuchaytirishimiz kerak.
Ombudsman faoliyatida ushbu masala ustuvor hisoblanadi. 2025 yilning 9 oyida ekologik huquqlarga oid jamoaviy murojaatlarni o‘rganish natijasida Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 2,5 gektarlik yashil makon — manzarali daraxtlar yetishtirilgan hududda boshlangan uy-joy qurilishi ham parlament nazorati subyekti — Ombudsman instituti tavsiyasiga muvofiq to‘xtatildi.
Ekologiya, ijtimoiy himoya yoki mahkumlar huquqi bo‘ladimi — bu sohalarda amaliy o‘zgarishlarga erishishda davlatning mas’uliyati bilan birga jamoatchilik nazoratining ham ahamiyati katta. Konstitutsiyada jamoatchilik nazorati institutlarining huquqiy maqomi mustahkamlangani bejiz emas.
Birinchi navbatda bu — OAV erkinligi, ochiq ma’lumotlar, fuqarolarning murojaat qilish huquqi va har bir muammoni oshkora muhokama qilish imkoniyati degani. Aholidan tushayotgan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar, blogerlar va jurnalistlar orqali kelayotgan signallar ko‘p hollarda ekologik, ijtimoiy va huquqiy muammolarni o‘z vaqtida aniqlashga xizmat qilmoqda.
Har bir islohotning markazida inson turishi kerak degan davlat siyosati bugun nafaqat qonunlarda, balki amaliyotda ham o‘z ifodasini topmoqda. Ijtimoiy himoya, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar, atrof-muhit xavfsizligi, mahkumlarning huquqlari, jamoatchilik nazorati — bularning barchasi bir-biriga bog‘liq tizim. Shu tizimning asosiy maqsadi esa bitta: inson qadrini yuksaltirish.
Konstitutsiyada mustahkamlangan huquqlar har bir fuqaroga tegishli. Ular hayotda ishlashi uchun davlatning mas’uliyati ham, jamiyatning faolligi ham muhim.
Albatta, qilinadigan ishlar ko‘p. Lekin eng muhim qadam — inson qadrini yuksak qiymat sifatida tan olish yo‘li tanlab bo‘lindi. Qolgani esa, shu yo‘ldagi birgalikdagi izchil harakatimiz va mas’uliyatimizga bog‘liq va bu yo‘lda har birimizning maqsadimiz bir, vazifamiz esa aniq.
Feruza Eshmatova,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)






