Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Hayot oldimizga yana qancha sinov va muammolarni qo‘yishi mumkin va biz har qanday holatga tayyor turishimiz zarur. Lekin qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Oldinga, faqat oldinga qarab boramiz. Va biz bunga har tomonlama qodirmiz. Chunki bugungi xalqimiz – kechagi xalq emas. Bugungi O‘zbekiston ham – kechagi O‘zbekiston emas”, deb islohotlar ortga qaytmas tus olganini ta’kidlagandi.
Dunyoda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlash jahon hamjamiyatining e’tibori markazida bo‘lmoqda.
Parlament va hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy saodat
Shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlar kechmoqda. Bu yilgi parlament saylovi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq o‘tkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirdi. Mazkur siyosiy jarayon siyosiy partiyalar o‘rtasida o‘zaro raqobatni yanada kuchayishiga xizmat qilgan aralash saylov tizimida birinchi marta o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasi bo‘yicha shakllangan yangi Parlamentdagi nutqlarini diqqat bilan eshitdik. Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi ilk majlislarida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, kelgusi 5 yilda xalq vakilligining oliy organlarida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalar, qolaversa barcha bo‘g‘indagi ijro organlari, avvalo, hukumat va uning rahbari oldidagi aniq natijalarga erishishga qaratilgan eng muhim yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining ma’ruzasida butun dunyoda geosiyosiy mojarolar va tarafkashlik kuchaygan g‘oyat tahlikali sharoitda jonajon Vatanimizda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davrini boshlash uchun talab etayotgan muhim yangi g‘oya va tashabbuslar, chuqur falsafiy mushohadalar ilgari surildi. Yana bir ahamiyatli jihat bu ma’ruzalar davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnomasi bo‘ldi.
Kelgusi yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilish taklifi xalqimizning dilidagi gap bo‘ldi deyish mumkin.
– Bugun xalqimiz bilan yurtimiz taraqqiyotidagi butunlay yangi davrga qadam qo‘ymoqdamiz. Ishonchim komil, bu – Yangi O‘zbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot cho‘qqilarini zabt etadigan davr bo‘ladi. Bu davr parlament va hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish bo‘yicha ibratli an’analar shakllanadigan va tarixga muhrlanadigan davr bo‘ladi, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari tabiatni asrash – insonni asrash degan fikrni bildirganida ham chuqur ma’no mujassam. Boisi, tabiat va insonni bir biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bugungi kunda Ona-tabiatni asramasdan inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, jumladan yashash, o‘z shaxsini erkin kamol toptirish, sog‘liqni saqlash huquqlari va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlab bo‘lmasligi fikrimizning yaqqol isbotidir.
Murojaatnomada Parlament nazorati – bu avvalo «xalq nazorati, xalq so‘rovi» ekani davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlangani ham bejiz emas. Ushbu mexanizm fuqarolarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilishning eng muhim usullaridan biridir. Parlament nazorati demokratik davlatda muhim rol o‘ynaydi. Bu nafaqat mansabdor shaxslar mas’uliyati va javobgarligini kuchaytiradigan va fuqarolarning huquqlarini himoya qiladigan, balki jamiyatning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini oshiradigan mexanizmdir. Ushbu nazorat samarali va mustaqil bo‘lishi, shuningdek, jamoatchilik talablari va muammolari bilan chambarchas bog‘liq holda rivojlanishi muhimdir.
Davlat rahbarining parlament nazoratining “xalq nazorati” sifatidagi ahamiyatini ta’kidlashi mamlakatimizning qonun ustuvorligi asosidagi demokratiya, ochiqlik va adolat tamoyillariga sodiqligining ifodasidir.
Inson – hayot gultoji
Inson huquqlari haqiqatan ham insoniyatning eng muhim va qimmatli yutuqlaridan biridir. Zotan shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlar har doim murakkab bo‘lgan. Abu Nasr Forobiy, Alisher Navoiy, Jon Lokk, Monteskьye va boshqa ko‘plab mutafakkirlar inson huquqlarini ta’minlashga oid turli yondashuvlarni taklif qilgan.
Olimlar inson huquqlarining mohiyatini, birinchidan, inson qadri, ikkinchidan, tenglik tashkil etadi, deya ta’kidlaydi. Xususan, Alisher Navoiy besh asr avval inson qadr-qimmati haqida dunyoning bino bo‘lmog‘idan asl muddao inson ekani haqida quyidagicha yozadi:
Ganjing aro naqd farovon edi,
Lek boridin g‘araz inson edi.
Davlatchilik markazida inson va uning manfaatlari turadi. Asosiy qonun inson omilidan kuch oladi va tirik organizm kabi xalq hayotining ajralmas bo‘lagiga aylanadi.
Bashariyatning buyuk adiblaridan biri Uilyam Shekspir “Qonunlar mazmuni insonni qadrlashdir”, deya inson huquqlarining ahamiyatini ko‘rsatib beradi. Darhaqiqat, 1948 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qabul qilinishi muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Chunki bu hodisa inson huquqlari sohasida xalqaro normalar va standartlarning shakllanishiga poydevor bo‘ldi.
Mutafakkirlar insoniyatning uzoq tarixi davomida odamlarga o‘z fikrlarini erkin bildirish, muhim qaror qabul qilishda ishtirok etish va manfaatlarini himoya qilish imkonini berishga qaratilgan demokratik institutlar haqida muhim g‘oyalarni ilgari surdi. Ammo demokratiyaning o‘zi inson huquqlarini himoya qilishni kafolatlamaydi — ularni himoya qilish va ta’minlashga qodir kuchli institutlar va mexanizmlar mavjud bo‘lishi kerak. Ana shunday demokratik institutlardan biri inson huquqlari bo‘yicha ombudsmandir.
Ushbu institut dunyoda ombudsman, parlamentning vakolatli a’zosi, fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissar, xalq advokati, fuqarolik himoyachisi, vositachi kabi turlicha nomlanishi mumkin, lekin uning mohiyati va tabiati bir-biriga yaqin.
Mamlakatimizdagi insonparvar siyosat tufayli Ombudsman instituti inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qiluvchi mustaqil organ sifatida rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – inson huquqlari bo‘yicha yangi davr hujjati
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar soni 3,5 barobar oshirildi hamda bu normalar bosh qonunimizning qariyb 50 foizdan ortig‘ini tashkil qildi. Jumladan, inson huquqi va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari, xususan, qonunlardagi noaniqliklarning inson foydasiga hal bo‘lishi, “sukut saqlash” huquqining birinchi marotaba belgilanishi, advokatlar maqomi tergovchi va prokuror maqomiga tenglashtirilishi kabi yangi konstitutsiyaviy qoidalar belgilandi. Mazkur o‘zgarishlar esa, o‘z navbatida, davlatning inson huquqlariga sodiqligini va bu boradagi majburiyatlarini namoyon etadi.
Shuningdek, Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanishi, inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi kabi muhim prinsip va qoidalar inson huquq va erkinliklari kafolatini kuchaytirdi.
Bosh qonunimizning 98-moddasiga asosan saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqaro Oliy Majlis Senati, Markaziy saylov komissiyasi bilan bir qatorda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ham qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekani mustahkamlandi. Bu Ombudsman institutiga nafaqat muhim konstitutsiyaviy vakolat, balki ulkan mas’uliyat va javobgarlik ham yuklaydi.
Ombudsman institutiga berilgan muhim konstitutsiyaviy kafolatlar uning inson huquqlariga oid yangi konstitutsiyaviy normalarni so‘zsiz va qat’iy rioya etilishini ta’minlashdagi faolligini oshirish hamda inson huquqlariga oid tizimli muammolarni parlamentda baralla ayta oladigan chinakam xalq ovoziga aylanishiga xizmat qiladi.
Ombudsman kafolatlarini mustahkamlash – xalqimiz va zamon talabi
Inson huquqlarini ta’minlashning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy kafolatlarini kuchaytirish, amaldagi mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan kompleks choralar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – ombudsmanga ham katta mas’uliyat yuklamoqda.
Ombudsman instituti parlament nazorati instituti sifatida har bir insonning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga mas’ul sifatida shaffof va mas’uliyatli faoliyati orqali zarur muvozanatni ta’minlashi lozim.
Bundan tashqari, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sohaga oid tizimli muammolarni aniqlash, huquq buzilishlarining oldini olishga doir kompleks choralar ko‘rish, huquqiy savodxonlikni oshirish, sohaga oid qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha takliflar berish yangi konstitutsiyaviy huquqiy landshaftning muhim tarkibiy qismidir.
Shu ma’noda, Ombudsman instituti inson huquqlari sohasida davlatning fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro sub’yektlar bilan muloqoti va hamkorligini ta’minlovchi muhim ko‘prik desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Prezidenti Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan bayram tabrigida konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni ta’minlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga to‘xtalib, jumladan, bunday degandi:“Konstitutsiyamizda qat’iy belgilab qo‘yilganidek, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz bo‘lib, uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid keladigan har qanday harakatlarga qarshi kurashish, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifalarimizdan biridir. Ushbu yo‘nalishda asosiy e’tiborimiz bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishga, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Bolalar ombudsmani va boshqa inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirishga qaratiladi”.
Bundan tashqari, parlament va tegishli institutlarning inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha rolini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda 2021-yil 10-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2022-yil 1-yanvardan ombudsmanning joylarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi hududiy 14 vakili lavozimi joriy qilindi. Mazkur yangilik ombudsmanning joylarda inson huquqlarini ta’minlashga doir faoliyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ombudsman faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
Davlatimiz rahbari joriy yil 15-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs bo‘lib, davlat organlari, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlaydi.
Inson huquqlarini ta’minlash kafolati kuchaytirilmoqda
Mazkur qonunda ombudsmanga o‘z vazifalarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolat hamda huquqlar berildi.
Qonunga ko‘ra, ombudsman fuqarolarning, mamlakat hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, yuridik shaxslarning inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi hamda tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega.
Bunda ombudsman murojaat etuvchiga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgani to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran yoki boshqa vositalardan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan bo‘lsa, uning shikoyati bo‘yicha oxirgi qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran bir yil ichida berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.
Ombudsmanning yillik ma’ruzasidan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus ma’ruzalar taqdim qilish huquqi mustahkamlandi.
Eng muhim jihatlardan biri qonun bilan ombudsmanga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi berilishi aholi ehtiyojlarini hisobga olgan holda aniqlangan muammolarga tezkor javob qaytarishga imkon beradi hamda adolatli va samarali qonunlar qabul qilinishiga hissa qo‘shadi.
Ombudsmanning maxsus ma’ruzasi insonning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklash bo‘yicha xulosa yoki takliflardan iborat bo‘ladi. Ombudsman inson huquqlari buzilishiga oid murojaatlarni tizimli tahlil qilish asnosida jamiyatning “signali”ni davlat rahbari, xalq vakillari va hukumatga bildirib turadi. Bu esa, o‘z navbatida, oqibat bilan kurashish emas, balki inson huquqlariga oid qonun buzilishi holatlarining oldini olishga qaratilgan tizimli choralar ko‘rilishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ombudsmanning doimiy asosda ishlovchi hududiy vakillarining huquqiy maqomi qonunda o‘z ifolasini topmoqda. Shu bilan birga, ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan qonun buzilishlari bo‘yicha ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish huquqi mustahkamlandi.
Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida “Ombudsman qutisi”ni saqlashning huquqiy mexanizmlari, unda erkinlikdan mahrum etilgan shaxslar tomonidan murojaatlarni joylashtirish tartibi, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha faoliyatga ko‘maklashish uchun jamoatchilik asosida amal qiladigan jamoatchilik guruhlari tashkil etilishi belgilandi. Bu o‘z o‘rnida ombudsmanning qiynoqlarning oldini olishga oid faoliyati huquqiy kafolatlarini mustahkamlaydi hamda uning fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi qonun bilan mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat shuki, davlat organlari va tashkilotlarining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq yig‘ilishlari, jumladan, Oliy sud plenumi majlislarida ombudsmanning ishtirok etish huquqi kafolatlandi.
Shu bilan birga, mazkur qonunga muvofiqlashtirishni nazarda tutib, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga, xususan, 2 ta kodeks va 5 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Mazkur qonunni tayyorlashda 30 dan ortiq davlat, xususan, Finlyandiya, Polsha, Bolgariya, Vengriya, Serbiya, Gresiya, Ispaniya, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarning shu sohadagi qonunchiligi atroflicha o‘rganildi.
Inson huquqlariga oid parlament diplomatiyasi yanada rivojlanadi
Mamlakatimizdagi ochiq va pragmatik tashqi siyosat ombudsman faoliyatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xorijiy mamlakatlar ombudsmanlari va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish ombudsman faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Xususan, Parij tamoyillariga muvofiq Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti 2020-yilda Milliy huquqni himoya qilish muassasalari global alyansida “B” maqomini olgan edi. Bugun “A” maqomini olish bo‘yicha Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.
Ayni paytda butun dunyodagi tahlikali davrda “Inson huquqlari — oliy qadriyat” prinsipini so‘zsiz ta’minlash har bir davlatning asosiy maqsadidir. Shu ma’noda, yangi tahrirdagi qonunning qabul qilinishi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining mustaqil milliy institut sifatidagi maqomini yanada mustahkamlab, Ombudsman faoliyatining institusional asoslari takomillashtirilishiga, uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlari kengayishiga hamda ombudsmanning parlament nazorati instituti sifatida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faolligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Bekzod NARIMONOV,
Oliy Majlisning Inson huquqlari
bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari,
yuridik fanlar doktori