Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiy viloyatida odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari muhokama qilindi
2026-yil 26-oktabr kuni Navoiy viloyatida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyaning 2026-yilning 9 oyi davomidagi faoliyati yakunlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya a’zosi — Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, hududiy komissiya a’zolari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olish, fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlash, xavfsiz mehnat migratsiyasini targ‘ib qilish, shuningdek, odam savdosidan jabrlangan shaxslarni himoya qilish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Mas’ul tashkilotlarning hisobotlari tinglanib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar muhokama qilindi.

Shuningdek, joriy yilning 3-avgust kuni qabul qilingan «Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni bilan jabrlangan shaxslarni erta aniqlash, ularning ehtiyojlarini baholash va zarur ijtimoiy xizmatlarga yo‘naltirish bo‘yicha yangi mexanizmlar belgilanganiga e’tibor qaratildi.

Taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, 2026-yilning 9 oyi davomida Navoiy viloyatida odam savdosidan jabrlangan 8 nafar shaxs qayd etilgan. Ularning barchasi ayollar bo‘lib, 2 nafari voyaga yetmaganlardir. Jabrlanganlarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, 3 nafari reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan va 1 nafari ish bilan ta’minlangan.

Yig‘ilishda aholini odam savdosining zamonaviy shakllaridan, xususan, ijtimoiy tarmoqlar va internet platformalari orqali tarqatilayotgan soxta ish takliflari, xorijda yuqori daromadli ish bilan ta’minlash bahonasida sodir etilayotgan firibgarlik holatlaridan ogohlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati