Tadbirda, shuningdek, Malayziya, Maldiv orollari, Mongoliya, Samoa, Tailand, Timor-Leste, Turkmaniston, Fiji, Filippin, Shri-Lanka, Yangi Zelandiya va Qirg‘izistonning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlari hamda Ombudsman idoralari vakillari qatnashdi.
Tadbir doirasida qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olishga qaratilgan asosiy xalqaro standartlar, gender omillarini hisobga olishning ahamiyati, shuningdek, BMTning mahbus ayollarga nisbatan munosabatda bo‘lish va ayol huquqbuzarlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan choralarni qo‘llashga oid Bangkok qoidalari hamda ularning amaliyotdagi ahamiyati muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar Tailand Markaziy ayollar axloq tuzatish muassasasiga tashrif buyurib, ozodlikdan mahrum etish joylaridagi sharoitlar va inson huquqlarini ta’minlashga oid amaliy tajriba bilan tanishdilar. Tailand Adliya institutida esa ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarning jamiyatga qayta moslashuvini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Restart Academy” dasturi taqdimoti o‘tkazildi.
Bundan tashqari, tadbirda qamoqda saqlash joylarini monitoring qilishda gender xususiyatlari va shaxslarning turli zaiflik omillarini hisobga olish, mahkumlar bilan suhbatlar o‘tkazish, shuningdek, milliy inson huquqlarini himoya qilish institutlarining qiynoqlarning oldini olish borasidagi vakolatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tadbir inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlar o‘rtasida tajriba almashish, qiynoqlarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish hamda gender va kesishuvchanlik yondashuvlarini milliy amaliyotga tatbiq etish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.






