Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Yopiq muassasalar monitoringi va dalillarga asoslangan hisobot tayyorlash bo‘yicha trening o‘tkazildi
Joriy yilning 15–16-oktabr kunlari Toshkent shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi hamda Ispaniyaning Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi (CDJI) bilan hamkorlikda «Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazish metodikasi, ma’lumotlarni to‘plash va dalillarga asoslangan hisobotlarni tayyorlash» mavzusida maxsus trening tashkil etildi.

Tadbirda Ombudsman devoni, Bolalar ombudsmani devoni xodimlari, shuningdek, faol nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Trening xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tkazilib, unda monitoring tashriflarini samarali tashkil etish, ma’lumotlarni tizimli to‘plash va tahlil qilish, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazish hamda monitoring natijalari bo‘yicha dalillarga asoslangan hisobotlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, ishtirokchilar monitoring tashriflari davomida turli axborot manbalaridan foydalanish, olingan ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirish, faktlar va xulosalarni o‘zaro farqlash, shuningdek, aniqlangan individual va tizimli muammolarni xolisona baholash bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirdilar.

Treningning yana bir muhim yo‘nalishi monitoring natijalari bo‘yicha hisobotlar tayyorlashga bag‘ishlandi. Unda hisobotlarda aniqlangan holatlar, dalillar va xulosalar o‘rtasidagi mantiqiy bog‘liqlikni ta’minlash, xalqaro standartlarga tayangan holda amaliy tavsiyalar ishlab chiqish, ularning ijrosi uchun mas’ul davlat organlari va mansabdor shaxslarni belgilash hamda tavsiyalar ijrosi ustidan keyingi nazoratni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.