Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qonunchilik tashabbusi borasida xorijiy tajriba o'rganildi
Joriy yilning 14–15 oktyabr kunlari YeXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda, YeXHTning 2025–2026 yillarga mo'ljallangan loyihalarini O'zbekistonda amalga oshirish doirasida "Xorijiy ombudsmanlar tomonidan qonunchilik tashabbusi institutining qo'llanilishi" mavzusida trening tashkil etildi.

Mazkur tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Devoni, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo'yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Devoni xodimlari hamda faol nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Trenningda Irlandiya Ombudsmani, BMTning Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha kichik qo'mitasi (SPT) a'zosi va xalqaro ekspert, shuningdek, Shimoliy Irlandiya Inson huquqlari komissiyasi direktori ishtirok etib, ombudsman institutlarining qonunchilik tashabbusi sohasidagi xalqaro tajribasi, vakolatlari va faoliyat mexanizmlari yuzasidan taqdimotlar o'tkazdilar.

Xususan, ekspertlar tomonidan ombudsman institutlarining qonunchilik jarayonidagi ishtiroki, aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik takliflarini ishlab chiqish va ilgari surish amaliyoti, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlashga xizmat qiluvchi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish masalalari yoritildi. Bunda Yevropa mamlakatlarida qo'llanilayotgan modellar, ombudsman institutlarining qonunchilik jarayoniga institutsional integratsiyasi hamda ularning qonunchilikni takomillashtirishga doir tavsiyalarini tayyorlash va tegishli davlat organlariga taqdim etish tajribasiga alohida e'tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro ekspertlar qonunchilikka takliflar kiritishda inson huquqlari bo'yicha milliy va xalqaro standartlarga tayanish, fuqarolarning murojaatlari va huquqbuzarliklar tahlili asosida mavjud qonunchilikdagi bo'shliqlarni aniqlash, tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni shakllantirish hamda ularning amaliy samaradorligini baholash bo'yicha o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdilar.

Tadbir davomida xorijiy davlatlar tajribasini milliy amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari, ombudsman institutlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi rolini kuchaytirish, shuningdek, inson huquqlari va bola huquqlarini himoya qilish sohasida qonunchilikni takomillashtirish bo'yicha samarali yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur trening ishtirokchilarning xalqaro tajribaga oid bilimlarini boyitish, qonunchilik tashabbusi institutidan foydalanish bo'yicha amaliy ko'nikmalarini rivojlantirish hamda inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qildi.

Shuningdek, loyiha doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) resurs markaziga inson huquqlarini himoya qilish, ombudsman institutlari faoliyati va xalqaro huquqiy standartlarga oid xorijiy adabiyotlar to'plami taqdim etildi. Mazkur adabiyotlar xodimlarning kasbiy bilim va ko'nikmalarini oshirish, xalqaro tajribani o'rganish hamda inson huquqlarini ta'minlash sohasidagi ilg'or yondashuvlarni qo'llash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.