Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar muhokama qilindi.
Tadbirda Ombudsman Feruza Eshmatova bilan bir qatorda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi vakili Jasur Do‘stmurodov, «Barqaror hayot» nodavlat notijorat tashkiloti, Germaniyaning KUNA e.V. tashkiloti vakillari hamda xorijiy ekspertlar ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Muhokamalarda mamlakatimizda so‘nggi yillarda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, jamoatchilik kengashlari rolini oshirish, davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash va fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratildi.
Tadbirda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 9 627 ta nodavlat notijorat tashkiloti va 8 992 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan ilgari surilgan takliflar soni 2021-yildagi 1 mingtadan 2025-yilda 5 mingtaga yetgani qayd etildi.
Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatida ham muhim o‘rin tutadi. Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz muomala holatlarining oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik guruhlari bilan hamkorlikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda.
Tadbir davomida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish, ularni moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish, jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati






