Tadbir YXHTning joylardagi missiyalari, Nizolarning oldini olish markazi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) hamkorligida tashkil etildi. Davra suhbatida Shimoliy Makedoniya Ombudsmani, YXHTning Bosniya va Gersegovinadagi missiyasi hamda Bishkekdagi Dasturiy ofisi vakillari ham qatnashdi.
Ombudsman o‘z nutqida O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar hamda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi davlatning pozitsiyasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ombudsman instituti faoliyatining takomillashtirilgani, shuningdek, qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan Milliy preventiv mexanizm joriy etilgani batafsil ochib berildi.
Shuningdek, F. Eshmatova YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan ko‘p yillik hamkorlik tajribasiga ham to‘xtalib, inson huquqlarini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish va Ombudsman instituti xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari salohiyatini oshirish borasida birgalikda amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, tenglik va inklyuzivlikni ta’minlash hamda inson huquqlari sohasida tajriba almashish masalalariga ham e’tibor qaratdi.
Davra suhbati inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va YXHT tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy tajribasini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar kamsitishning oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ehtiyojmand guruhlari huquqlarini himoya qilish, shuningdek, milliy institutlarning mustaqilligi va faoliyati samaradorligini mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.
Ma’lumot uchun: Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) 1973 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda tashkilot Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikadagi 57 ta ishtirokchi davlatni birlashtiradi. Uning asosiy maqsadi — tinchlik, barqarorlik va demokratiyani mustahkamlash. Faoliyati nizolarning oldini olish, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini ta’minlashga ko‘maklashish, demokratik institutlarni qo‘llab-quvvatlash hamda kamsitishga qarshi kurashishni qamrab oladi.
YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) esa 1991 yilda tashkil etilgan. Uning asosiy faoliyati saylovlarni kuzatish, qonunchilikni tahlil qilish, inson huquqlari sohasida ekspertlik yordamini ko‘rsatish hamda bag‘rikenglik va kamsitmaslik tamoyillarini ilgari surishni qamrab oladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






