Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman va YXHT DIIHB o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 5–15 oktyabr kunlari Varshava shahrida o‘tkazilayotgan “Inson o‘lchovi bo‘yicha Varshava konferensiyasi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktorining birinchi o‘rinbosari Tea Jaliashvili, Inson huquqlari departamenti rahbari Syuzan Kerr hamda Inson huquqlari departamenti katta maslahatchisi Yohannes Hayler bilan uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekiston va YXHT DIIHB o‘rtasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida Ombudsman institutining inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, inson huquqlari buzilishi holatlarining oldini olish borasidagi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholining huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda inson huquqlari sohasidagi milliy institutlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Muloqotda Ombudsman instituti faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, aholining huquqiy xabardorligini oshirish, inson huquqlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan ma’rifiy tashabbuslarni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida inson huquqlarini himoya qilish sohasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish va hamkorlikdagi tashabbuslarni amalga oshirishni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati