Navbatdagi “Ombudsman soati” darslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Sirdaryo, Andijon va Buxoro viloyatlarida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan o‘tkazildi. Ularda 200 nafardan ortiq o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlar Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi 15-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Andijon viloyati Asaka tumanidagi 59-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Shahrixon tumani 67-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 1-sonli maktab, Buxoro viloyati Buxoro shahridagi 29-sonli o‘rta umumta’lim maktabida tashkil etildi.
Ushbu mashg‘ulotlar an’anaviy ma’ruza shaklida emas, balki interaktiv tarzda — videodarslar, o‘quvchilar bilan ochiq muloqot va hayotiy misollar asosida o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar inson huquq va erkinliklari, ularning qonuniy kafolatlari va himoya mexanizmlari bilan tanishtirildi. Shuningdek, kiberjinoyatchilikdan himoyalanish, internet va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda turli salbiy taʼsirlarga tushib qolmaslik bo‘yicha hayotiy misollar asosida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, o‘quvchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi hamda fikr almashishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






