Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Konstitutsiyaviy sud majlisida ma’muriy ushlab turish muddatiga oid norma konstitutsiyaviyligi ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat kiritilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 288-moddasi ikkinchi qismining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiqligini aniqlash so‘ralgan edi.

Mazkur masala Ombudsmanga kelib tushgan fuqarolar murojaatlari tahlili asosida ko‘tarildi. Xususan, 2025–2026 yillar davomida shaxslarni qonunga xilof ravishda 48 soatdan ortiq ma’muriy tartibda ushlab turish holatlaridan norozilik bildirilgan 6 ta murojaat kelib tushgan.

Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, chegara tartibini yoki davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxsni huquqbuzarning shaxsi va holatlarini aniqlash zarurati bo‘lganda, prokurorga yozma ravishda xabar bergan holda uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjati mavjud bo‘lmasa, prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turish imkoniyati nazarda tutilgan.

Ayni paytda, Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismida shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi qat’iy belgilangan. Bu shaxsning erkinligi va shaxsiy daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim konstitutsiyaviy kafolat hisoblanadi.

2026 yil 22 sentyabr kuni Konstitutsiyaviy sud mazkur masalani ko‘rib chiqib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismida belgilangan uch sutkagacha va o‘n sutkagacha ma’muriy ushlab turish muddatlari Konstitutsiyadagi 48 soatlik chegaradan ortiq ekani, shuningdek, shaxsni bunday muddatga ushlab turish uchun sud qarorini olish mexanizmi nazarda tutilmaganiga e’tibor qaratdi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Konstitutsiyaviy sud shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismida belgilangan kafolatlarga zid, degan xulosaga keldi.

Shunga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismidagi shaxslarni uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turishni nazarda tutuvchi norma O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topildi.

Konstitutsiyaviy sud qarorida yana bir muhim masalaga — shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turishda prokurorni xabardor qilish yoki uning sanksiyasini olish sud qarorining o‘rnini bosmasligiga alohida e’tibor qaratildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati