O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur xalqaro anjuman raqamli transformatsiya sharoitida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni muhokama qilish, ilg‘or xorijiy tajribalar bilan almashish hamda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
Bugun raqamli texnologiyalar insonning taʼlim olishi, mehnat qilishi, davlat xizmatlaridan foydalanishi, axborot olishi va jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Ayni paytda shaxsiy maʼlumotlar daxlsizligi, kiberbulling, onlayn zo‘ravonlik va kamsitish, zararli kontent, raqamli xizmatlardan teng foydalanish kabi masalalar inson huquqlarini himoya qilishning yangi va dolzarb yo‘nalishlariga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, konferensiyada raqamli taraqqiyot inson manfaatlariga xizmat qilishi, yangi texnologiyalar joriy etilishi jarayonida inson huquqlari va qadr-qimmati ustuvor bo‘lib qolishi lozimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda 25 dan ortiq davlatdan Ombudsmanlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xalqaro tashkilot vakillari, ekspertlar ishtirok etdi. Jumladan, Gretsiya, Gruziya, Ispaniya, Italiya, Qatar, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Rossiya, Slovakiya, Tailand, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Ummon, Hindiston va Shveysariya vakillari konferensiya muhokamalarida qatnashdi. Shuningdek, tadbirda Parlament aʼzolari, qator davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralar, diplomatik korpus vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya aʼzolari, olimlar, fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, hamda OAV vakillari qatnashishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova o‘z kirish so‘zida raqamli transformatsiya inson huquqlarini taʼminlashda yangi imkoniyatlar bilan birga yangi masʼuliyatlarni ham yuzaga keltirayotganini taʼkidladi.
“Raqamli transformatsiya biz uchun faqat texnologik yangilanish emas, balki inson qadrini zamonaviy sharoitlarda ham taʼminlash masʼuliyatidir. Bugun insonning huquqlari, shaʼni, shaxsiy maʼlumotlari va xavfsizligi faqat real hayotda emas, balki onlayn makonda ham ishonchli himoya qilinishi kerak”, — dedi F. Eshmatova.
Xalqaro konferensiyani ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlashda Ombudsman institutining ahamiyatiga alohida to‘xtalishdi.
Xalqaro konferensiya ishi raqamli muhitda inson huquqlarini taʼminlashda alohida eʼtibor talab etayotgan uchta yo‘nalish bo‘yicha tematik sessiyalarda davom etdi.
Xalqaro konferensiya o‘z ishini 3 ta tematik sessiyada davom ettirdi.
Sessiyalar davomida muhokama qilingan masalalar:
- raqamli dunyoda ayollar huquqlari va gender tengligini taʼminlash, ularni onlayn zo‘ravonlik, kibertahdidlar va raqamli kamsitishdan himoya qilish;
- raqamli transformatsiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish, internet xavfsizligi, kiberbullingning oldini olish va shaxsiy maʼlumotlarni muhofaza qilish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv raqamli xizmatlarni rivojlantirish, axborot va elektron davlat xizmatlaridan teng foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash.
Muhokamalar davomida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektdan foydalanishda inson huquqlariga asoslangan yondashuvni mustahkamlash, texnologik taraqqiyot natijasida aholining ayrim qatlamlari yangi imkoniyatlardan chetda qolib ketmasligi, raqamli inklyuziyani taʼminlash va milliy huquqni himoya qilish institutlarining bu jarayondagi rolini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Konferensiya doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning milliy va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarini yana-da mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi. Jumladan, Qatar Milliy inson huquqlari qo‘mitasi hamda Malayziya Inson huquqlari komissiyasi va boshqa tuzilmalar bilan ham o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida hamkorlik hujjatlari imzolandi.
Anjuman yakunida raqamli transformatsiya sharoitida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, raqamli inklyuziyani rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanish hamda raqamli muhitda inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ishtirokchilarning umumiy yondashuvlarini aks ettiruvchi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






