Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qarorlar qabul qilishda ayollar yetakchiligi: milliy va xorijiy lider ayollar bir davrada
2026 yilning 20 avgust kuni Toshkent shahrida “Qarorlar qabul qilish jarayonida ayollar yetakchiligi” mavzusida nonushta muloqoti (Breakfast Dialogue) bo‘lib o‘tdi. nda parlament, davlat organlari va tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan ayollar, shuningdek, Qatar, Ozarbayjon, Qirg‘iz Respublikasi, Pokiston, Tojikiston, Misr, Malayziya, Turkiya va Ummondan tashrif buyurgan Ombudsmanlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar rahbarlari va vakillari hamda BMT tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda inson huquqlari sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarning kasbiy va yetakchilik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi, xususan, strategik qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Bugun xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki gender tengligini taʼminlashning muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Bunda gap nafaqat rahbarlik lavozimlaridagi ayollar sonini oshirish, balki ularning muhim qarorlarni muhokama qilish, ishlab chiqish va qabul qilishdagi taʼsirchan ishtirokini taʼminlash haqida bormoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, qonun, farmon va qarorlarni qabul qilishda gender masalasi bo‘yicha huquqiy mexanizmlar joriy etildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026 yil 6 mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda Taʼkidlanganidek, endilikda xotin-qizlarning huquq va manfaatlariga taʼsiri baholanmay turib birorta qonun qabul qilinmaydi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni, “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida 103-o‘rindan 52-o‘rinni egalladi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” hisobotida esa mamlakatimiz o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa ko‘tarildi.

Shu bilan birga, xotin-qizlarning iqtisodiyot, ilm-fan va taʼlimdagi ishtiroki ham kengaymoqda. Bugun mamlakatda 230 mingga yaqin tadbirkor ayol, 12 ming nafar fermer ayol va 6 mingdan ortiq olima faoliyat yuritmoqda. Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini, stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning esa 61 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Nonushta muloqotida 20 nafardan ortiq milliy va xorijiy yetakchi ayollar — parlament vakillari, ayol parlamentarlar, davlat boshqaruvi organlarida masʼul lavozimlarda faoliyat yuritayotgan rahbarlar, xorijiy davlatlar Ombudsmanlari, xalqaro tashkilotlar va nufuzli xorijiy institutlar vakillari ishtirok etdi.

Norasmiy va ochiq muloqot formatida tashkil etilgan tadbirda “Ayollarning davlat boshqaruvi va strategik qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi o‘rni: imkoniyatlar va istiqbollar”, shuningdek, “Ayollar yetakchiligini kuchaytirish: hamkorlik, tajriba almashinuvi va yangi avlod liderlarini qo‘llab-quvvatlash” mavzulari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar o‘z professional tajribalari, samarali boshqaruv amaliyotlari, ayollarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi taʼsirini oshirish, shuningdek, yetakchilikka intilayotgan yosh mutaxassis ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Ayniqsa, yosh huquqshunos ayollar uchun professional muloqot va tajriba almashish maydonlarini kengaytirish, milliy va xalqaro darajada muvaffaqiyat qozongan ayol liderlarning tajribasidan foydalanish hamda yangi avlod liderlarini shakllantirish muhimligiga eʼtibor qaratildi.

Muloqot yakunida milliy va xorijiy ayol liderlar o‘rtasida professional aloqalarni yana-da rivojlantirish, yosh mutaxassis ayollarning yetakchilik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda qaror qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarning faol va taʼsirchan ishtirokini kengaytirishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati