Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
SHHT doirasida inson huquqlari bo‘yicha ilk maslahatlashuv uchrashuvi o‘tkazildi
2026 yilning 23 iyun kuni Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlarning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy organlari birinchi Maslahat kengashi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Belarus, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston ombudsmanlari hamda tegishli davlat organlari vakillari ishtirok etdi. Hindiston vakillari esa onlayn formatda qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilari SHHTga a’zo davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari o‘rtasida tajriba almashish, professional hamkorlikni rivojlantirish va inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova o‘z ma’ruzasida mazkur muloqot platformasi SHHTga a’zo davlatlarda inson huquq va erkinliklarini bevosita himoya qiluvchi institutlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or tajribalar almashish uchun muhim imkoniyat yaratayotganini qayd etdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston tomonidan inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar oʻrtasida muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish, tezkor axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish, qoʻshma ekspertlik tadbirlarini oʻtkazish hamda SHHT doirasida inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan Yakuniy protokolni imzoladilar.

Mazkur Maslahat kengashi uchrashuvi SHHT doirasida inson huquqlari sohasida muntazam professional muloqot va tajriba almashish platformasini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.