Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Polsha parlamenti a’zolari bilan uchrashdi
2026 yilning 2 iyun kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Polsha Parlamenti quyi palatasi — Seym a’zolari Marek Rjonsa, Vanda Novitska hamda Alitsiya Lepkovska-Golas bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun, Polsha Parlamentining quyi palatasi — Seym 460 nafar deputatdan iborat bo‘lib, mamlakatning asosiy qonun chiqaruvchi organi hisoblanadi. Uning tarkibida turli sohalar bo‘yicha faoliyat yurituvchi 30 ga yaqin doimiy qo‘mita mavjud.

Muloqot davomida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholining huquqiy bilimlarini kengaytirish, parlament nazorati mexanizmlarini takomillashtirish hamda inson huquqlarini samarali himoya qilish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

O‘z navbatida, qo‘mita raisi o‘rinbosari Marek Rjonsa Polsha davlatining xorijda istiqomat qilayotgan polyaklar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning milliy-madaniy qadriyatlarini asrab-avaylash va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u dunyoning turli mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan polyak diasporalari bilan hamkorlikni rivojlantirish Polsha davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan polyak millati vakillarining mamlakat hayotiga muvaffaqiyatli integratsiyalashgani, turli sohalarda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, mamlakatimizda turli millat va elat vakillari uchun yaratilgan imkoniyatlar, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhiti yuqori baholandi.

Uchrashuv konstruktiv va o‘zaro manfaatli ruhda o‘tdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.