Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
IIV Akademiyasida “Ombudsman maktabi” doirasida ochiq muloqot o‘tkazildi
2026 yil 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Ombudsman maktabi” o‘tkazildi. Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti vakillari, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, tinglovchi va kursantlari ishtirok etdi. Unda 90 nafarga yaqin ishtirokchi qamrab olindi.

Tadbir davomida Ombudsmanning 2025 yilgi faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilarga Ombudsman institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashdagi o‘rni, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash amaliyoti hamda qiynoq holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi haqida maʼlumot berildi.

Muloqot davomida bo‘lajak ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatida inson huquqlariga rioya etish, fuqarolar bilan muloqotda odob-axloq qoidalariga amal qilish, murojaatchilarga hurmat va masʼuliyat bilan yondashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ichki ishlar organlari xodimining har bir harakati inson qadri, qonuniylik va jamoatchilik ishonchi bilan bevosita bog‘liq ekani taʼkidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati