Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiy viloyatida “Ombudsman maktabi” doirasida aholi uchun ochiq muloqot, tibbiy ko‘rik va mehnat yarmarkasi tashkil etildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Ombudsman maktabi” loyihasi chekka hududlardagi aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazish, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan tegishli idoralarni jalb etgan holda yechim topish, shuningdek fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan.

Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Beshrabod”, “Ko‘xron”, “Kelachi” va “O‘zbekiston” MFYlari aholisi uchun navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazildi.

Tadbirga ushbu hududdan yuborilayotgan murojaatlar tahlili asosida tegishli davlat idoralari vakillari jalb qilindi. Jumladan, viloyat ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, sog‘liqni saqlash, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasining viloyat boshqarmalari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat bosh boshqarmasi hamda “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi Navoiy viloyati bo‘limi mutaxassislari ishtirok etishdi. Ochiq muloqotga jami 150 nafarga yaqin fuqaro qamrab olindi.

Uchrashuv davomida aholiga ijtimoiy himoya, tibbiy xizmat, bandlik, shaxsiy xavfsizlik va inson huquqlarini taʼminlash bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan zarur maʼlumotlar sodda, tushunarli va xalqchil tarzda yetkazildi. Shuningdek, ishtirokchilar ham mavjud masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

“Ombudsman maktabi” doirasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj 30 ga yaqin oilaning 86 nafar aʼzosi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Mehnat yarmarkasida esa 4 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlanib, 5 nafariga kasb-hunarga o‘qitish uchun yo‘llanma, 30 nafarga yaqin fuqaroga esa huquqiy maslahatlar berildi.

“Ombudsman maktabi” platformasining asosiy jihati — davlat idoralari bilan yaqin hamkorlikda fuqarolar murojaatlariga yechim topish va aholining huquqiy xabardorligini oshirishga xizmat qilishidir.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati