Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman maktabi: hududlarda fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha ochiq muloqotlar o‘tkazildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida hududlarda qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Loyihaning o‘ziga xos jihati shundaki, unda fuqarolar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazilib, sayyor qabullar orqali ularning murojaatlari tegishli tashkilotlar vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilmoqda.

Navbatdagi ochiq muloqotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent viloyatlarida o‘tkazildi. Dastlab, murojaatlar tahlil qilinib, har bir hudud uchun dolzarb masalalar aniqlandi va tegishli masʼul idora vakillari jalb etildi.

Tadbirlar davomida 1000 nafardan ortiq fuqaro qamrab olindi. Jumladan, Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi “Loyish”, “Mustaqillik”, “Navro‘z”, “Yangiobod”, “O‘zbekiston”, “Oqdaryo”, “Temirak”, “Bobur”, “Zarafshon”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi “Naymanko‘l”, “Sarayko‘l”, “Keneges”, Toshkent viloyati Piskent tumanidagi “Mo‘minobod”, “Mitan”, “Navoiy”, “Birlik” hamda boshqa mahallalarda yashovchi fuqarolar ishtirok etdi.

Uchrashuvlar davomida ishtirokchilarga kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish, mehnat munosabatlari va mehnat migratsiyasi sohasidagi huquqiy tartib-taomillar, shuningdek boshqa masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Ochiq muloqotlardan so‘ng, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillarining sayyor qabullari ham o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari qabul qilindi.

Shu bilan birga, Buxoro viloyati Buxoro shahridagi Buxoro davlat universiteti, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi 1- va 2-sonli texnikum, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani texnikumi hamda Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 3-sonli texnikumida ham “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuvlarda o‘quvchi va talabalarga yoshlarga oid davlat siyosati, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar va huquqiy kafolatlar haqida maʼlumot berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati