Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman va davlat tashkilotlari hamkorligida huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalari muhokama qilindi
2026 yil 23 fevral kuni Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida  “Huquqiy madaniyatni yuksaltirishda Ombudsman va davlat tashkilotlarining hamkorligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.

Davra suhbatida Ombudsman Devoni xodimlari, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ilmiy jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, aholining huquqiy madaniyati va huquqiy xabardorlik darajasi fuqarolarning o‘z huquqlarini samarali amalga oshirishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Mazkur yo‘nalishda Ombudsman instituti davlat organlari bilan hamkorlikda manzilli tushuntirish ishlarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

So‘nggi yillarda Ombudsman faoliyati izchil takomillashtirilib, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash mexanizmi raqamlashtirildi, hududlardagi mintaqaviy vakillar instituti mustahkamlandi. Bu murojaatlarni joyida tezkor o‘rganish va masalalarni hal etish imkonini kengaytirdi.

2025 yilda Ombudsmanga 26 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani qayd etildi. Bu ko‘rsatkich 2021 yildagi 18 738 ta murojaatga nisbatan qariyb 40 foizga oshgan. Murojaatlar dinamikasi fuqarolarning o‘z huquqlarini himoya qilish borasida faolligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, murojaatlar tahlili aholi o‘rtasida qonunchilikda belgilangan huquq va imkoniyatlar haqidagi xabardorlik darajasini yana-da oshirish zaruratini namoyon etmoqda. Ayrim hollarda fuqarolar davlat tomonidan yaratilgan huquqiy mexanizmlardan to‘liq foydalana olmayotgani kuzatilmoqda.

Davra suhbatida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, joylarda manzilli tushuntirish ishlarini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir yakunida huquqiy xabardorlikni oshirishga qaratilgan hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati