Virtual muloqotda Ombudsman institutining xalqaro maqomini “A” darajaga ko‘tarish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, 2020 yilda Ombudsmanga “B” maqomi berilganida Milliy inson huquqlari institutlarining Global alyansi tomonidan taqdim etilgan tavsiyalar bosqichma-bosqich inobatga olingani taʼkidlandi. Shu jumladan, Ombudsman faoliyatiga oid qonunchilik bazasining takomillashtirilgani, mintaqaviy vakillar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va Yevroosiyo Ombudsmanlari alyansi hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Osiyo–Tinch okeani forumi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarga aʼzo bo‘lgani, Markaziy Osiyo davlatlari, Serbiya, Vengriya, Italiya, Mo‘g‘uliston, Daniya kabi davlatlar Ombudsmanlari bilan hamkorlik memorandumlar imzolangani qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida Ombudsman institutining institutsional salohiyati izchil ravishda mustahkamlangani alohida taʼkidlandi.
Onlayn yig‘ilishda, ishtirok etgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Omer Fisher hamda ekspertlar Matthias Klettermayer hamda Joana Mikel Jelabertlar ham o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
Uchrashuvda, shuningdek,“A” maqomiga ega xorijiy davlatlar ombudsmanlari bilan hamkorlik doirasida ilg‘or tajribalar o‘rganilayotgani, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik aloqalari izchil ravishda kuchaytirilgani alohida eʼtirof etildi. Bu jarayonda monitoring tashriflari, murojaatlarni o‘rganish hamda muqobil maʼruzalarni tayyorlashda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilayotgani taʼkidlandi.
Muloqot yakunida Milliy inson huquqlari institutlarining global alyansi tomonidan Ombudsman instituti statusining qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy va institutsional chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






