Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston va Malayziya inson huquqlari sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi
Joriy yilning 20 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) boshchiligidagi delegatsiya Malayziya Parlamenti a’zosi, O‘zbekiston–Malayziya do‘stlik guruhining raisi Dr. Kelvin Yi Li bilan uchrashdi.

Uchrashuv jarayonida O‘zbekistondagi islohotlar yuzasidan fikr bildirar ekan, Dr. Kelvin Yi Li mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash borasidagi tashabbuslarni yuqori baholab, ularning izchil va tizimli ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida O‘zbekiston va Malayziyada inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi o‘rni, ularning parlamentlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi va mazkur yo‘nalishlarda tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi.

Ushbu aloqalar 2023 yildagi Malayziya Parlamenti Vakillar palatasi Spikeri boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi va 2024 yildagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining Malayziyaga tashrifi kabi yuqori darajadagi almashinuvlar bilan yanada mustahkamlandi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston va Malayziya parlamentlararo do‘stlik guruhi 2020 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, u ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik mexanizmi hisoblanadi. Ushbu platforma doirasida, jumladan, inson huquqlari sohasidagi qonunchilik masalalari muntazam muhokama qilinib kelinmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati