Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Uzbekiston Konstitutsiyasi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi: o‘zaro uyg‘unlik va muvofiqlik
2025 yil 12 dekabr kuni soat 10:00 da Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda, BMTning Taraqqiyot Dasturi ko‘magida “O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi: o‘zaro uyg‘unlik va muvofiqlik” mavzusida davra suhbatı o‘tkazildi.

Tadbirda Parlament a’zolari, Bolalar ombudsmani, vazirlik va idoralar vakillari, Ombudsman huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, huquqshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, talabalar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Ta’kidlanishicha, Konstitutsiyamiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilab berilgan asosiy prinsiplar – inson qadrining oliy qadriyat sifatida e’tirof etilishi, tenglik, adolat va erkinliklar kafolatlarini to‘la aks ettirgan holda, davlat siyosatining bosh mezoniga aylangan. Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ham aynan shu konstitutsion tamoyillarga tayanadi: inson qadrini yuksaltirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, aholining zaif qatlamlari manfaatlarini ta’minlash va har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini amalda ta’minlash davlatning ustuvor vazifasi sifatida belgilangan.
Tadbirda oliy ta’lim muassasalari bilan inson huquqlari sohasida talabalar bilimlarini rivojlantirish va talabalar huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.


Shu munosabat bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda uchta oliy ta’lim muassasasi — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent “International” universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi. Mazkur memorandumlar inson huquqlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, talaba va professor-o‘qituvchilar uchun amaliy tajriba maydonchalarini yaratish, yuridik ta’lim tizimida ta’lim — tadqiqot — amaliyot integratsiyasini yo‘lga qo‘yish qo‘shma loyihalar amalga oshirishga xizmat qiladi.
Davra suhbati fikr-mulohazalar almashuvi va ishtirokchilar o‘rtasida ochiq muloqot shaklida davom etdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati