Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘quvchilarning inson huquqlari bo‘yicha bilimi oshirilmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida 2024 yildan buyon respublika bo‘ylab maktablarda o‘tkazib kelinayotgan “Ombudsman soati” darslariga o‘quvchilar qiziqishi ortib bormoqda. Inson huquq va majburiyatlari kundalik hayotda uchraydigan misollar orqali tushuntirilayotgani sababli o‘quvchilar darslarda faol ishtirok etishmoqda.

Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi 16–25 noyabr kunlarida o‘tkazilgan darslarda 650 nafarga yaqin o‘quvchi qamrab olindi.
Darslar Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi 19, 22-sonli va Sirdaryo tumanidagi 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 338-sonli maktab, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi 22 va 25-umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi 5 va 63-umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 8 va 16-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘tkazildi.
Erkin muloqot shaklida o‘tgan darslarda yuqori sinf o‘quvchilariga raqamli dunyoda himoyalanish yo‘llari, kiberbulling, inson huquq va erkinliklarining mazmun-mohiyati, shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik huquq va majburiyatlari interaktiv mashg‘ulotlar va hayotiy misollar yordamida tushuntirildi. Shuningdek, yoshlarga tabiatni asramasdan inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash mumkin emasligi haqida videoroliklar asosida interaktiv usulda ma’lumotlar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati