Suhbat davomida mamlakatimizda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va jabrlanganlarga huquqiy hamda psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Elchi Girts Yaunzems O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Shu bilan birga, qisqa muddat ichida O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, xususan ayollarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va davlat tomonidan ko‘rilayotgan aniq choralar e’tirof etildi.
Uchrashuvda, shuningdek, Ombudsman tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida reabilitatsiya markazlarida zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarga psixologik, huquqiy va manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatilayotgani qayd etildi. Ma’lumot uchun: shu yil oktabr oyi oxirida Farg‘ona viloyatida Ombudsman va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Mehrjon” nodavlat notijorat tashkiloti huzurida yangi shelter ishga tushirildi; unda jabrlanganlar uchun vaqtincha yashash joyi va kompleks yordam imkoniyatlari yaratildi.
“NGO ENJOY” vakillari kelgusida ushbu yo‘nalishda qo‘shma loyihalar va tajriba almashish imkoniyatlari bo‘yicha takliflar berdi. Shuningdek, Latviyaning inson huquqlari bo‘yicha vakolatli tuzilmalari va Ombudsman o‘rtasidagi keyingi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






