Tadbirning asosiy maqsadi — 2030 yilgacha O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish doirasida 2025 yil uchun belgilangan kompleks chora-tadbirlar ijrosini muhokama qilish, shuningdek davlat xizmatining turli yo‘nalishlarida ayollar ishtiroki va imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati vakillari, Ombudsman, xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro ekspertlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari a’zolari, shuningdek “Rahbar ayollar maktabi” bitiruvchilari ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida davlat xizmatida ayollar ishtirokini oshirish, qonunchilik va institutsional kafolatlar, xalqaro indekslar, yetakchilik kompetensiyalari hamda ta’lim orqali intellektual salohiyatni yuksaltirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Panel sessiyalarida gender siyosatini takomillashtirish, ayollar uchun teng shart-sharoitlar yaratish va ularning rahbarlik lavozimlaridagi ulushini oshirish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar o‘rganildi.
Konferensiya yakunida ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, rahbar ayollar sonini ko‘paytirish va mavjud to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan qator amaliy takliflar ishlab chiqildi.






