Yig‘ilishda Rossiya, Armaniston, Bahrayn, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Serbiya, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Eron, Shri-Lanka va O‘zbekiston ombudsmanlari ishtirok etdilar. Shuningdek, Turkiya, Myanma, Iordaniya, Pokiston, Indoneziya, Ummon, Turkmaniston, Iroq, Vyetnam, Kambodja va Livan davlatlari vakillari ham kuzatuvchi sifatida qatnashib, o‘z amaliyotlari bilan bo‘lishishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova yig‘ilishda so‘zga chiqib, O‘zbekistonda fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarga urg‘u berdi.
“Obod qishloq” dasturi, shuningdek, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar bugungi kunda mamlakatda chekka hududlarda yashovchi aholini qo‘llab-quvvatlash va ularning turmush sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, mahallabay ishlash tizimining joriy etilishi aholining muammolarini joyida aniqlash va ularga manzilli yechim topish imkoniyatini yaratayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda Ombudsman mamlakatimizda huquqiy xabardorlikni oshirish, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan dolzarb masalalarni o‘rganish hamda tizimli hal etishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi chekka hududlardagi fuqarolar bilan ochiq muloqot platformasiga aylanganini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Yevroosiyo ombudsmanlar alyansi 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda uning tarkibiga Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Bahrayn, Eron, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Serbiya, Tojikiston, O‘zbekiston va Shri-Lanka mamlakatlari kiradi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati