Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud sudyalari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari vakillari, Ombudsman xodimlari, Ombudsman huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari, huquqshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Shuningdek, tadbirda Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili, MDH Inson huquqlari bo‘yicha Komissiyasi raisi Tatyana Moskalkova ham ishtirok etdi. U tadbirda o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va erishilgan natijalari to‘g‘risida maʼlumot berdi. Bunday ochiq tajriba almashuv formati har ikki institut uchun samarali axborot maydonini yaratib, inson huquqlari sohasidagi amaliy yondashuvlarni o‘rganish imkonini berdi.
Muloqot chog‘ida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlari, jamoatchilik nazorati, mahkumlar, migrantlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini taʼminlashdagi mexanizmlar, murojaatlarni ko‘rib chiqish amaliyoti va fuqarolarga yaqinlashuv singari masalalar muhokama qilindi.
Tadbir chog‘ida taʼkidlandiki, Ombudsman instituti so‘nggi yillarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda taʼsirchan va amaliy yechim taklif qila oladigan milliy mexanizm sifatida shakllandi. 2025 yilning birinchi yarim yilligida fuqarolar, xorijiy davlat fuqarolari va tashkilotlardan jami 9800 dan ortiq murojaat kelib tushgan, davlat organlariga 100 dan ziyod taʼsir choralari — taqdimnomalar, talabnomalar va daʼvolar kiritilgan. Fuqarolar manfaatida 3,8 milliard so‘mdan ortiq moddiy mablag‘ undirilishi taʼminlangan. Shuningdek, Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari, qism, jazoni ijro etish va majburiy davolash muassasalariga 491 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan bo‘lib, bu 2024 yilning mos davrida 452 marotabani tashkil etgan.
Tadbir yakunlarida O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari o‘rtasida 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Unda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi qo‘shma monitoringlar, migrantlar o‘rtasida huquqiy xabardorlikni oshirish, fuqarolar murojaatlarini birgalikda ko‘rib chiqish, axborot va ilmiy-tadqiqot almashinuvi, shuningdek milliy va xalqaro darajada hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yo‘nalishlar nazarda tutilgan.
Yo‘l xaritasi ikki tomonlama ochiq muloqot, ishonchli hamkorlik va inson huquqlarini taʼminlashda umumiy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati