Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida Qashqadaryodagi harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
Davlat rahbarining 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qiynoqlarning oldini olish maqsadida Jamoatchilik vakillari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Shunga ko‘ra, 2025-yilning 29-31 may kunlari Ombudsman va uning huzuridagi Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha MPM doirasida faoliyat yurituvchi Jamoatchilik guruhlari tomonidan Qashqadaryodagi qator penitensiar muassasalar, jumladan, Qarshi, Koson, Qamashi, Shahrisabz va Yakkabog‘ tuman va shaharlarida joylashgan vaqtincha saqlash hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalari, ma’muriy qamoqxonalar, xushyorxonalar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda reabilitatsiya markazlariga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoringda shuningdek, senator va deputatlar, Ombudsman Kotibiyati xodimlari hamda “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi, “Yuksalish” harakati, “Madad” NNT va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Koson tumanidagi 10-sonli Jazoni ijro etish koloniyasiga o‘tkazilgan monitoring tashrifi davomida muassasaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, koloniyadagi "Ombudsman quti"lari ko‘zdan kechirildi.

Mahkumlar bilan uzoq muddatli uchrashuvga kelgan ularning yaqinlari bilan ham suhbatlashildi va ularning fikrlari o‘rganildi.

Koloniyadagi ishlash qobiliyatiga ega bo‘lgan mahkumlar g‘isht zavodi, tikuvchilik, mebel va boshqa syexlarida ishga jalb etilgan. Nogironligi bor shaxslar, betoblar va keksa mahkumlar ishga jalb etilmaydi. Monitoringlarda mahkumlarning mehnat sharoitlariga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng, Qarshi shahridagi Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonadagi sharoitlar o‘rganildi. Unda Maxsus qabulxonada saqlanayotganlar uchun sayrga chiqish joylari, ularning shaxsiy buyumlarini saqlash va qaytarib berish, tibbiy xizmatdan foydalanish xonalari hamda oshxona va kunlik menyu ko‘zdan kechirildi.

Bundan tashqari, Ombudsman va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda tor doiradagi mutaxassislar jalb etilgan holda mazkur koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ombudsman boshchiligida Qashqadaryo viloyatidagi yopiq muassasalarga o‘tkazilgan monitoring tashriflarida  ushbu muassasalarga o‘tkazilgan avvalgi o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etish lozimki, 2024-yilda o‘tkazilgan monitoringlarda Qarshi va Koson tumanlari ichki ishlar bo‘limlarining vaqtincha saqlash hibsxonalarida shaxslarni saqlash sharoitlari belgilangan me’yoriy talablarga javob bermasligi kuzatilgandi. Ombudsman taqdimnomasidan so‘ng, Qarshi tuman ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati to‘xtatilib, saqlanayotgan shaxslar kapital ta’mirlangan Kasbi tuman ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasiga ko‘chirilgan. Boshqalarida esa kameralardagi yorug‘lik, sanitariya va isitish tizimlari yaxshilangani ma’lum qilingan. Shuningdek, 3 nafar xodim ishdan bo‘shatilib, 9 nafariga intizomiy choralar ko‘rilgan.

3 kun davomida Qamashi tumani IIB jamoat xavfsizligi xizmati vaqtincha saqlash hibsxonasi, Qashqadaryo viloyati ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi, Shahrisabz shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi va ma’muriy qamoqxonasi, Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi — mastlik holatidagi shaxslarni saqlash xonalari, Koson tumani tibbiyot birlashmasi — mastlik holatidagi shaxslarni saqlash xonalari, Qarshi shahridagi 2-sonli va 3-sonli jazoni ijro etish koloniyalari hamda Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlaridagi sharoitlar ham o‘rganildi.

Shuningdek, Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, Qamashidagi 34-son manzil koloniyasi qayta ta’mirlanib, uzoq muddatli uchrashuv xonalari tashkil etilganiga guvoh bo‘lindi.

Eslatib o‘tamiz, monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari