Davra suhbatida parlament a’zolari, davlat organlari va idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, huquq faollari, “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlari himoyasini mustahkamlash” loyihasi ekspertlari hamda Ombudsman Kotibiyati xodimlari oflayn va onlayn formatlarda ishtirok etdi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad- mamlakatimiz aholisining huquqiy ehtiyojlarini har tomonlama o‘rganish, muammoli yo‘nalishlarini aniqlash hamda huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi davlat idoralari, nodavlat tashkilotlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar uchun tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Ombudsman instituti tomonidan aholining huquqiy xabardorligini oshirish maqsadida bir qator amaliy tashabbuslar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, mamlakatimizning chekka hududlaridagi mahallalarda “Ombudsman maktabi”, maktablarda esa “Ombudsman soati” loyihalari izchil amalga oshirib kelinmoqda.
Bu tashabbuslarning o‘ziga xos jihati — ular faqat umumiy mavzular asosida emas, balki kelib tushayotgan murojaatlar tahlili orqali aniqlangan masalalar asosida tashkil etiladi. Aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar orqali tegishli mutaxassislar va mutasaddilar ishtirokida huquqiy tushuntirishlar beriladi. Amaliy natijalar shundan dalolat beradiki, bunday targ‘ibot ishlari o‘tkazilgan hududlarda murojaatlar soni sezilarli kamaymoqda. Bu esa aholining huquqiy xabardorlik darajasi oshib borayotganini, fuqarolar yechimni murojaatdan oldin topayotganini ko‘rsatadi.
Tadbirda fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishda Ombudsman mintaqaviy vakillarining o‘rni, aholining huquqiy ehtiyojlari yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar, zo‘ravonlik va odam savdosidan jabrlanganlarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z bordi.
Respublika miqyosida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil davomida fuqarolar eng ko‘p duch kelayotgan muammolar ijtimoiy ta’minot, turar-joy masalalari, moliyaviy barqarorlik va ish bilan ta’minlash sohalaridir. Bu muammolar Konstitutsiyada belgilangan bir qator asosiy huquqlar — ya’ni ijtimoiy ta’minotga bo‘lgan huquq, turar-joyga egalik qilish huquqi, mehnat qilish va adolatli sharoitlarda ishlash huquqi hamda moliyaviy xavfsizlikka oid kafolatlar bilan bevosita bog‘liqdir.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu muammolarni huquqiy yo‘l bilan hal etishda aholining huquqiy savodxonlik darajasi yetarli emasligi asosiy to‘siq sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, chekka va olis hududlarda yashovchi fuqarolar o‘rtasida huquqiy xabardorlikning past darajada ekani fuqarolarning o‘z huquqlarini amalga oshirish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Aholining huquqiy ongini oshirish — faqat davlat organlari emas, balki fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va huquq faollari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan umumiy vazifadir. Chunki fuqarolarga o‘z huquq va imkoniyatlarini anglatish, ularni qonuniy yechimlar bilan ta’minlash — inson qadrini yuksaltirishning asosiy shartlaridan biridir.
Shundan kelib chiqib, tadbirda ushbu masalalar bo‘yicha aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan muhim yo‘nalishlar belgilab olindi hamda fuqarolarning huquqiy institutlarga ishonchini mustahkamlash bo‘yicha muhokamalar olib borildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati