Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan ochiq muloqotlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng chekka hududi hisoblangan To‘rtko‘l tumanidan “Yangiobod”, “To‘rtko‘l”, “Nurli yo‘l”, “Gʻalaba, “Do‘stlik”, “Shodlik” mahallalari, Buxoro viloyati Jondor tumanidan “Tinchlik”, “Navgadi”, “Darveshi”, “Jondor”, “Paxtakor” mahallalari, Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi "Uchqizil" mahallasi, Samarqand viloyati Oqdaryo tumani “Navruz” mahallasida yashovchi aholi hamda Andijon viloyatida joylashgan Ibn Sino nomidagi tibbiyot bilim yurti, Anidijon davlat pedagogika insitituti va Qarshi shahridagi Turon universiteti talabalari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda ishtirok etgan mas’ul idora vakillari tomonidan ishtirokchilarga aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, imtiyozli kreditlar ajratish tartibi, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, bandlik, uy-joy, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kiber jinoyat turlari, “Yoshlar daftari”ga kiritish qoidalari va ularga berilayotgan imtiyozlar haqida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Tadbirlarda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qonunlarining mazmun-mohiyati ham tushuntirildi.
Mazkur tadbirlar doirasida fuqarolar qabuli ham tashkil etilib, aholini qiynayotgan masalalar bo‘yicha tegishli tashkilot vakillariga bevosita murojaat qilish imkoniyati ham yaratildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati