Murojaatlarning 60 foizida o‘zini “Click” kompaniyasi yoki Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlaridan foydalangan holda, onlayn kreditlar rasmiylashtirgan. Ayrim holatlarda esa bir shaxs nomiga 5-6 ta tijorat banklaridan kreditlar rasmiylashtirilgan.
Ushbu murojaatlar yuzasidan Ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan tijorat banklariga ushbu fuqarolar kredit mablag‘laridan o‘zlari foydalanmaganligi hamda fuqaroviy daʼvogar deb topilganligi, shuningdek, aybdor shaxslar topilguniga qadar kredit qarzdorligi hamda unga foizlar hisoblashni to‘xtatib turish yuzasidan topshiriqlar yuborilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 36-moddasida tergovchining o‘z yurituvidagi ish bo‘yicha qonunga muvofiq bergan yozma topshiriqlari va qarorlari barcha korxonalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy ekani belgilangan. Lekin, shunga qaramay banklar tomonidan firibgarlik natijasida aldangan fuqarolardan kreditni to‘lash talab qilib kelinmoqda.
Ombudsman tomonidan ushbu yo‘nalishdagi murojaatlar bo‘yicha fuqarolar manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 5 ta daʼvo arizalari kiritilib, banklar bilan tuzilgan kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topildi. 1 nafar fuqaro nomiga olingan kredit mablag‘lari uning foydasiga qaytarilib, maʼnaviy zarar undirilishiga erishildi.
Mazkur sohadagi muammolar bilan bog‘liq murojaatlarning o‘sishini asosan aholining ehtiyotsizligi, axborot xavfsizligi va iqtisodiy bilimlarining yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda.
Sohadagi ijobiy yutuqlardan biri shuki, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bog‘liq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartib joriy qildi. Mazkur tartib 2024-yil 1-noyabridan 2025-yil 1-apreliga qadar amal qilishi belgilandi.
Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2024 yilda firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan
Bir narsani yodda tutish zarurki, axborot texnologiyalar rivojlangan sari, yangidan yangi aldov va firib berish usullari ham o‘ylab topilmoqda. Axborot xavfsizligini taʼminlash va firibgarlik holatlaridan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga rioya qilish tavsiya etiladi:
- Pasport maʼlumotlari, bank kartalari raqami va PIN-kod kabi shaxsiy maʼlumotlarni hech kimga oshkor qilmang.
- Shaxsiy maʼlumotlaringizni ijtimoiy tarmoqlarda yoki nomaʼlum shaxslarga yuborishdan saqlaning.
- Telefonga kelgan tasdiqlov kodlari, parollar yoki bank ilovalariga kirish maʼlumotlarini hech kimga aytmang.
- Ijtimoiy tarmoqlar yoki elektron pochta orqali kelgan notanish fayllar, hujjatlar yoki havolalarni yuklab olmang. Ular virus yoki zararli dastur bo‘lishi mumkin.
- Notanish raqamlar, xususan chet el raqamlaridan kelgan qo‘ng‘iroqlar va videoqo‘ng‘iroqlarga javob bermang.
- Agar kimdir o‘zini bank xodimi yoki boshqa tashkilot vakili sifatida tanishtirsa, ularning shaxsini tasdiqlash uchun rasmiy kanallar orqali maʼlumot oling.
Ogoh va ehtiyotkor bo‘lish orqali firibgarlardan saqlanishingiz mumkin. Axborot xavfsizligini taʼminlash har bir fuqaroning shaxsiy masʼuliyatidir!
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)